Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq elchisi ishga qanday transportda boradi?

Yevroittifoq elchisi ishga qanday transportda boradi?

Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi yangi elchisi Toyvo Klaar o‘zbekistonliklarni ko‘proq velosiped va jamoat transportidan foydalanishga undadi.

16-22 sentyabr kunlari davom etadigan Yevropa harakatlanish haftaligi munosabati bilan tayyorlangan videolavhada diplomat piyoda yurish va jamoat transportidan foydalanishni ma’qul ko‘rishini ta’kidlaydi. Elchiga ko‘ra, har bir inson o‘zgarishlarni o‘zidan boshlashi, g‘oyalarni nafaqat ilgari surish, balki ularga amal qilishi ham kerak.

Piyoda yurish, velosiped va jamoat transportidan foydalanish atrof-muhit tozaligini saqlash, resurslarni tejashga xizmat qilishi, ayni choqda, bu sog‘lom turmush belgisi ekani ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Yevropa harakatlanish haftaligi YI tomonidan Xalqaro jamoat transporti ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etib kelinadi. Haftalikdan ko‘zlangan maqsad ham insonlar salomatligini saqlash, ham atrof-muhit tozaligini muhofaza etishdan iborat. Piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni keng targ‘ib etish orqali transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, ekologiyani muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda energiya manbalarini tejash ko‘zda tutilgan. Bu yil haftalikka dunyoning 45 davlatidagi 2500 ga yaqin shahar qo‘shilgan.

Avval xabar berganimizdek, YIning O‘zbekistondagi yangi elchisi Toyvo Klaar 11 sentyabr kuni mamlakatimiz tashqi ishlar vaziriga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring