Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronning ShHTga a’zo bo‘lishi qanday o‘zgarishlarga olib keladi? Elchi savolga oydinlik kiritdi

Eronning ShHTga a’zo bo‘lishi qanday o‘zgarishlarga olib keladi? Elchi savolga oydinlik kiritdi

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida Eron Islom Respublikasi tashkilotning yangi a’zosi sifatida tanishtirilishi kutilmoqda. Xo‘sh, bu hodisa dunyoda va tashkilot faoliyatida qanday o‘zgarishlarga olib keladi? «Xabar.uz» muxbiri Eronning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiyga ushbu savol bilan murojaat qildi.

«Shanxay hamkorlik tashkiloti – ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlik hamda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish maqsadidagi o‘zaro do‘st va hamkor bo‘lgan Sharq davlatlari klubidir. ShHT 2001 yili olti davlat – Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston ishtirokida mintaqaviy hamkorlik maqsadida tuzilgan bo‘lib, keyinchalik Hindiston va Pokistonning a’zo bo‘lib kirishi natijasida sakkizlik guruhiga aylandi. Eron Islom Respublikasining to‘laqonli a’zo bo‘lishi bilan ShHT Sharq to‘qqizligiga aylanadi», – deydi Eron elchisi.

Diplomat avvalo tashkilotning salohiyat va imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.

«ShHTga a’zo davlatlar aholisi dunyo aholisining qariyb yarmini (42%), hududi esa dunyoning to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Bu davlatlar madaniyat va sivilizatsiya nuqtai nazaridan ham o‘ta qadimiy bo‘lib, jahon tarixiy va turistik markazlarining katta qismi ularda joylashgan. Shuningdek, dunyo hunarmandchilik mahsulotlarining sezilarli qismi ushbu davlatlarda ishlab chiqariladi. Ular madaniy xilma-xillik, taomlarning turli xilligi va mazaliligi, musiqiy boylik, an’anaviy liboslar va boshqa san’at turlari nuqtai nazaridan alohida ajralib turuvchi, o‘xshashi yo‘q va o‘ta jozibali mamlakatlardir», – deydi diplomat.

Qayd etilishicha, dunyoning ko‘plab muhim quruqlik, dengiz va havo koridorlari ShHT davlatlari hududidan o‘tadi. Shuningdek, bu mamlakatlar sanoat taraqqiyoti uchun lozim bo‘lgan neft, gaz, oltin, temir, mis va boshqa yerosti resurslariga boy; bug‘doy, sholi, paxta, pista, za’faron, mevalar va ziravorlar ishlab chiqarish bo‘yicha ham dunyoda yuqori o‘rinlarni egallaydi. Shunga ko‘ra, ShHT davlatlari siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, tranzit, turizm va madaniyat sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik salohiyatiga egadir.

«Eron Islom Respublikasining ShHTga a’zo bo‘lib kirishi bilan tashkilotning jug‘rofiy hududi hamda strategik va iqtisodiy qudrati anchagina mustahkamlanadi. Mamlakatimizning mavqei va potensiallari, energetika, turizm, madaniyat, san’at, transport koridorlari va geosiyosat sohalaridagi ustunliklari hamda turli sohalardagi yetuk mutaxassislar va olimlarga ega ekani barcha siyosatchilar, tadqiqotchilar va qaror qabul qiluvchilarga ma’lum va ravshandir. Shubhasiz, mamlakatimizning ShHTga a’zo bo‘lib kirishi bilan tashkilotning strategik qudrati oshib, a’zo davlatlarning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, turistik va xavfsizlik bilan bog‘liq sohalardagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorligi rivojlanadi», – deb hisoblaydi Hamid Nayyirobodiy.

Ta’kidlanishicha, ShHT jug‘rofiy hududi va faoliyat sohalari tobora kengayib borayotgan, iqtisodiy taraqqiyot, kuch-qudrat va xavfsizlikni ta’minlashning barcha imkoniyatlari va omillariga ega bo‘lgan davlatlar a’zo bo‘lgan Sharqiy tashabbus va mexanizm sifatida mintaqa va jahonda  barqarorlikni saqlashda muhim o‘rin tutadi.

Avval xabar berganimizdek, Samarqand sammitida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Diplomat Eron va O‘zbekiston yetakchilarining yigirma yillik tanaffusdan keyingi rasmiy tashrif doirasida uchrashuvi o‘zaro hamkorlikda burilish yasashiga ishonch bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring