Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronda norozilik namoyishlari: ikki kishi halok bo‘ldi

Eronda norozilik namoyishlari: ikki kishi halok bo‘ldi

Norozilik namoyishiga chiqqan eronliklar. Tehron, Eron. 2017 yil 30 dekabr.

Foto: «Le Monde»

Payshanba kundan buyon Eronda davom etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari doirasida, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Dorud shahrida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib «Le Monde» nashri xabar berdi.

Lorestan provinsiyasi vitse-gubernatori so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning o‘limiga politsiya emas, balki «xorijiy agentlar» javobgar. 30-dekabr kuni poytaxt Tehronda yuzlab kishilar Tehron universiteti oldida hukumatga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishgan va ularga qarshi politsiya bo‘linmalari jalb etilgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu norozilik namoyishlariga javoban hukumat tarafdorlari ham tinch namoyishga chiqishgan. Bunday chiqishlar butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan. Payshanba va juma kunlari ham Eronning bir nechta shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi.

Namoyishlarning sabablari

2017-yilning 28-dekabridan buyon davom etayotgan norozilik chiqishlarida kishilar amaldagi Prezident Hasan Ruhoniy sha’niga tanqidiy shiorlar yozilgan bannerlar ko‘tarib chiqishgan. Ular Eronning yadroviy dasturiga javoban kiritilgan xorijiy sanksiyalar tufayli nochor ahvolga kelib qolgan iqtisodiyotni ko‘tarishni talab qilib chiqishgan.

May oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Hasan Ruhoniyning saylovoldi dasturida iqtisodni ko‘tarish asosiy ustuvor vazifa sifatida ko‘tarilgan edi. U bir qancha iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilinishiga hamda inflatsiya darajasini 10 foizgacha pasaytirishga erishgan bo‘lsa-da, ammo ishsizlik darajasi hamn yuqoriligicha qolmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra mamlakatda ishsizlik darajasi 12 foizni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Eronda bu qadar keng ko‘lamdagi namoyishlar 2009-yili o‘sha paytdagi Eron prezidenti Mahmud Ahmadi Najotning ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanganiga qarshi o‘tkazilgan edi. Bu safargi o‘tkazilgan namoyishlarda bir necha o‘n kishi hibsga olingan.

Davlat televideniyesining xabar berishicha, ularning ko‘pchiligi ozod etilgan. Hukumat rasmiylari ushbu voqealar ortida tashqi kuchlar turganligini iddao qilmoqdalar.

AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi voqealarga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi. U «Twitter»dagi sahifasida quyidagilarni yozdi: «Butun dunyo Eron xalqi o‘zgarishlarni xohlayotganini tushinib turibdi. Eron rahbarlari qo‘rqadigan narsa AQShning harbiy qudrati hamda Eron xalqidir».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring