YI Markaziy Osiyoga global tahdidlarga birgalikda kurashishni taklif etmoqda
23-oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 19-vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari hamda YeIning 27 davlati vakillari ilk bor bir davrada jam bo‘lishdi.
Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel raisligida o‘tgan mashvaratda har ikki mintaqa o‘zaro strategik hamkorlikni davom ettirish borasida qat’iyat izhor qilgan.
«YeI hamda Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan aloqalar yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Biz markaziy osiyolik hamkorlarimizga islohotlar borasida ko‘makni davom ettirishga tayyorligimizni bildiramiz. Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi, shuningdek, boshqa global va mintaqaviy muammolar asoratlarini bartaraf etish yo‘lida Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan yaqindan hamkorlik istagida sobitmiz. Bir yoqadan bosh chiqargan holda, ko‘proq natijaga erishishimiz, Yevropa, Markaziy Osiyo va undan tashqarida barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikka ko‘proq hissa qo‘shishimiz mumkin», – dedi J.Borrel.
Yuqori darajadagi mashvaratda Ukraina bosqini oqibatlari, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bir qatorda ikki yirik mintaqa o‘rtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlari, ilm-fan, innovatsiyalar yo‘nalishidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Joriy yil 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va YeI yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi ishlab chiqish taklif etilgan edi.
Lyuksemburgdagi vazirlar yig‘ilishida mazkur yo‘l xaritasi ma’qullandi.
Uchrashuv yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, YeI hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning barcha davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish kabi tamoyillariga sodiqdir.
Shuningdek, ushbu hujjatda YeI tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni Markaziy Osiyo orqali aylanib o‘tishga urinishlarning oldini olish zarurati ham ta’kidlangan.
Cho‘lponotadagi uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi birinchi to‘liq formatli sammitini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan edi.
Lyuksemburg uchrashuvi yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotga ko‘ra, ushbu nufuzli sammit 2024 yilning birinchi yarmida o‘tkaziladi.
Mashvaratda qatnashgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov uning yakunidan mamnun ekanini bildirgan.
«Ko‘plab masalalar qatorida barqaror savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy salohiyatni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaning yashil iqtisodiyotga o‘tishini jadallashtirish uchun eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratdik», – deb yozdi B.Saidov Telegramdagi rasmiy sahifasida.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 17 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan ikki mintaqa vazirlarining 18-uchrashuvida global beqarorlik sharoitida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish lozimligiga urg‘u berilgan, xususan, YeIdan ilg‘or texnologiyalar, nou-haular va investitsiyalarni jalb etish muhimligi qayd etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter