Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo nigohi yana O‘zbekistonda. Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik qanday?

Dunyo nigohi yana O‘zbekistonda. Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik qanday?

Foto: «Sputnik»

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida 26-27-mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur nufuzli anjumanni keng, sifatli va tezkor yoritish uchun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida barcha qulayliklarga ega xalqaro matbuot markazi tashkil etilgani haqida ham xabar bergan edik.

Anjumanni yoritish uchun 250 dan ortiq mahalliy va 20 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositasi vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Jumladan, AQSh, Xitoy, Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Yaponiya OAVlari konferensiyani yoritishda qatnashadi. Bu haqda mazkur konferensiya matbuot kotibi Sherzodxon Qudratxo‘jayevga asoslanib, O‘zA xabar berdi.

Anjumanda AQSh, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Eron, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, BMTdan nufuzli delegatsiyalar, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tish kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Markaziy Osiyoda izchil taraqqiyotni ta’minlash qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlab, noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi konferensiyada Afg‘onistonning mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga ko‘maklashish birinchi galdagi vazifalardan ekanini qayd etgan edi. Ushbu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Bo‘lajak konferensiya qo‘shni davlatda tinchlik bo‘lishidan manfaatdor tomonlar uchun interfaol maydon yaratmoqda. Chunki Afg‘onistondagi tinchlikdan nafaqat mintaqa, balki boshqa davlatlar ham manfaatdor. Bugun dunyoda yangi-yangi keskinlik o‘choqlari paydo bo‘lmoqda. Toshkent tomonlarni murosaga keltirish bo‘yicha avval ham maydon vazifasini o‘tagan. O‘zbekiston bu gal ham shunday ezgu jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.

Konferensiya kunlari matbuot markazida jurnalistlar uchun Afg‘oniston tarixi, dunyo hamjamiyatidagi o‘rni, xalqining hayoti haqida taniqli siyosatshunoslar, ilmiy doiralar vakillari ishtirokida seminar-treninglar, sho‘’ba yig‘ilishlari o‘tkazish mo‘ljallangan. Ushbu tadbirlarda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan siyosiy muloqot guruhlari faoliyati haqida so‘z yuritiladi, O‘zbekiston ilgari surayotgan amaliy tashabbuslar bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglanadi. O‘ylaymizki, matbuot markazi anjuman davomida jurnalistlar uchun xolis va to‘laqonli axborot olish makoni bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring