Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Debatlarda: tashqi siyosat va xavfsizlik masalasi

Debatlarda: tashqi siyosat va xavfsizlik masalasi

Tashqi siyosat va xavfsizlik mavzusida partiyalararo bo‘lib o‘tgan debatlar borasida siyosatshunos ekspert N.Shodiyev intervyu berdi.

Shu kunlarda oynai jahon orqali siyosiy partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning vakillari o‘rtasida debatlar bo‘lib o‘tmoqda. Ulardan biri tashqi siyosat va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlandi. Ushbu debatlarni kuzatgan ekspert sifatida ularning mavzusi va mazmuni, o‘ziga xosligi xussida fikringizni bildirsangiz.

N.Shodiyev: Siyosiy partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning vakillari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan debatlar saylov jarayonlaridagi siyosiy raqobatni yanada aniqroq rakurslarda namoyon etdi. Ushbu debatlarda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida ko‘rsatilgan vazifa va yo‘nalishlar yanadabatafsilroq, yanada aniqroq tahlil etildi. Siyosiy partiyalar tomonidan tashqi siyosat va xavfsizlik masalasiningmuhokama qilinishimamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarda yangilikdir. Tashqi siyosat mavzusi oldinlari tor doiralarda va qat’iy ramkalarda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bugun u siyosiy debatlarda ochiq muhokama qilinmoqda.

Jurnalist: Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan savollarga har bir partiyaning o‘z pozitsiyasi va javoblari ko‘rsatildi. Partiyalar debatda sho‘larining tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor jihatlarini ham bayon etishdi. Ularning tashqi siyosat borasidagi pozitsiyalarining o‘ziga xosligi nimada. Bu haqda sizning fikringiz qanday?

N.Shodiyev: Debatda kuzatganimizdek har bir partiya tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.Ekopartiya tashqi siyosatda asosiy ustuvor vazifalari sifatida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor berishini ta’kidlagan bo‘lsa, XDP Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuskor xalqaro siyosat yuritish tarafdori ekanligini bildirib o‘tdi. O‘zLiDePvakili tizimli va puxta o‘ylangan, pragmatik tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyani faol davom ettirishini ta’kidlar ekan,  O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasi ishlab chiqilishini masalalarini muhim vazifa sifatida ko‘rsatdi.

“Adolat” sotsial demokratik partiyasi Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanishini ta’kidladi.

Bu manazaradan shuni ilg‘ash mumkinki, boshqa partiyalardan farqli o‘laroq Xalq demokratik partiyasi mamlakatning tashqi siyosiy ustuvorligini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yo‘nalishida ko‘rmoqda. Qolgan partiyalar tashqi syosiy ustuvorlikda yakdil bo‘lib, asosan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik tarafdori. Ammo, hamkorlik yo‘nalishlarida farqlar bor. Ekologik partiya transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga ko‘proq nisbat berayotgan bo‘lsa, Liberal demokratik partiya o‘zaro savdo aylanmasi hajmini kamida oshirishhamda tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga urg‘u bermoqda. 

Jurnalist: Debatda Afg‘oniston masalasiga alohida e’tibor qaratildi.Bu borada partiyalarning pozitsiyalarini qanday baholaysiz?

Nurali Shodiyev: Haqiqatda Afg‘oniston masalasi kun sayin dolzarblashib bormoqda. Ammo, keyingi besh yilda Afg‘oniston bilan munosabatlar yangicha bir formatda rivojlandi. Debatda siyosiy partiyalarimizning pozitsiyasi Afg‘oniston vektorida umumiy jihatdan o‘xshash bo‘lsa-da, ammo, turlicha qarashlar  va yondashuvlar mavjud. Ekopartiya Afg‘oniston bilan suv resurslari va ekologik muammolar, transchegaraviy muammolarni birgalikda hal etishni o‘z ichiga olgan hamkorlik munosabatlari borasida chiqish qilgan bo‘lsa, XDPdan ko‘rsatilgan nomzod vakili Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga bel bog‘lagan nufuzli davlatlar o‘z mas’uliyatiga olishi lozimligini xususida bayonot berdi. Shuningdek, O‘zLiDePdan Prezidentlikka nomzodning vakili Afg‘on xalqi muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerakligini ta’kidlar ekan, Afg‘onistondagi muammolar yechimi yirik iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni hayotga joriy etish bilan bog‘liqligini aytib o‘tdi va hozirda ham amalga oshirilayotgan gumanitar ko‘mak masalalariga to‘xtaldi. Ammo, O‘zMTDPning nomzodi vakili hamda “Adolat” SDP nomzodi vakili Afg‘onistondagi bugungi jarayonlar bo‘yicha aniq pozitsiyasini namoyon etdi. “Adolat” SDPdan nomzod vakili Afg‘onistonda etnosiyosiy guruhlar vakillaridan iborat inklyuziv hukumat shakllanishi tarafdori ekanligini aytib o‘tdiva Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning bir bo‘lagi sifatida ta’rifladi.

Debatdagi bu bahslardan shunday xulosaga kelish mumkinki, har bir siyosiy partiya o‘z maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda Afg‘oniston yo‘nalishida o‘ziga xos yondashuvlarga ega.

Jurnalist: O‘zbekiston so‘nggi besh yilda jahonga ochildi va xalqaro bozorlarga  mamlakatimiz iqtisodiyoti integratsiyalashmoqda. Shu boisdan bugungi kunda halqaro iqtisodiy hamkorlik borasidagi siyosiy partiyalarning aniq pozitsiyalari shakllangan deb o‘ylaysizmi?

Nurali Shodiyev: O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining pragmatik siyosatini davom ettirgan holda, tashabbuslarini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekiston xalqaro darajada tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etmoqda. Bu borada bugungi siyosiy raqobat sharoitida kurash olib borayotgan siyosiy partiyalarimizning ham o‘ziga xos maqsadlari va strategiyalarini kecha bo‘lib o‘tgan debatlardan ko‘rishimiz mumkin. XDPdan nomzod vakiliYevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishiga xayrihoxligini bildirib, a’zolik asosan  ijtimoiy masalalarga qaratilishi lozim deb hisoblashini aytib o‘tdi. O‘zLiDeP nomzodi vakili mamlakatimiz dunyoga keng ochilayotgani, iqtisodiyotimiz jahon bozorlariga integratsiyalashib borayotganini ta’kidlab, tashqi iqtisodiy hamkorlikni keng miqyosda yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini, shuningdek, bugungi taraqqiyot talablari aynan tashqi iqtisodiy siyosatimiz gorizontlari kengayishini talab etayotganini bildirdi.

O‘zMTDP nomzodi vakili xalqaro iqtisodiy munosbatlarimizda milliy qadriyatlarimizning daxlsizligiga va ma’naviyatimizga ziyon yetmasligiga e’tibor qaratilishi aytib o‘tgan bo‘lsa, buni  “Adolat” SDP xalqaro maydonda yakkalanib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan holda tanqid qildi. Ushbu partiyaning poziyasi ochiq hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Jurnalist: Debatda xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlik masalasi alohida mavzu sifatida ko‘tarilgan. Bu mavzu siyosiy partiyalarimiz saylovoldi dasturlaridagi ifodasini va vakillarning debatlardagi ta’kidlarini qanday baholaysiz?

Nurali Shodiyev:  Bir jihatni alohida ta’kidlash kerakki, bu mavzu siyosiy partiyalarimizning siyosiy jarayonlardagi kun taribidan ilk bor o‘rin olishi. Debatdagi chiqishlardan ham xulosa qilish mumkinki, bu yo‘nalishda O‘zLiDeP ancha dadil taklif va tashabbuslari bilan ajralib turibdi. Sababi xorijlik vatandoshlar bilan ishlash masalasi ushbu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodning tashabbusi bilan mamlakat tashqi siyosati yo‘nalishilaridan biriga aylangandi. Ammo, bu mavzu bo‘yicha har bir siyosiy partiyaning o‘ziga xos yo‘nalishi bor.

Ekopartiya mamlakatimizda “yashil siyosat”ni joriy etishda xorijlik vatandoshlarimizni jalb etish, suvni tejash texnologiyalarini qo‘llash, muqobil energiya manbalarini amaliyotga joriy etishda ularning ishtirokini ta’minlashga e’tibor berishini bildirdi. XDPdan nomzod vakili esa xorijdagi vatandoshlarimiz bilan turli diologlarni amalga oshirish, turli assotsiatsiyalar tashkil etish takliflarini aytib o‘tdi. O‘zMTDP xorijlik vatandoshlarimizni ma’naviy va madaniy merosimizni xorijga tanitishfikrlarini aytib o‘tdi. “Adolat” SDP esa ularning xorijdagi huquq va manfattlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik normalariga takliflar kiritishni bildirdi. 

Jurnalist: Xavfsizlik har bir jamiyat, davlat, mintaqa kun tartibidagi dolzarb masaladir.Debatda ham bu borada qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi. Siz siyosiy partiyalarning xavfsizlik borasidagi ustuvorliklarni belgilashiga qanday munosabat bildirgan bo‘lar edingiz?

Nurali Shodiyev:  Siyosiy partiyalarning debatdagi chiqishlaridao‘z yo‘nalishi, tajribasi va siyosiy maqsadlari qamrovidan kelib chiqqan holda ichki xavfsizligimizga tahdidlarning ustuvorlik darajasini belgilab ko‘rsatishdi. Ekologik partiya Orol muammosini eng muhim tahdid sifatida baholadi, XDPdan nomzod vakili esa axborot xurujlarini jamiyatimizdagi ustuvor xavf sifatida ko‘rsatdi. O‘zLiDepdan nomzod vakili aholimizning tinchligini ta’minlash eng ustuvor vazifa deb ta’kidladi. O‘zMTDP esa ma’anviyatga tahdidlarni ko‘rsatdi. Ammo, shuni aytib o‘tish kerakki, ushbu xavflarning bartaraf etish mexanizmlarini O‘zLiDepdan nomzod vakilidan tashqari hamma partiya ham aniq ko‘rsatib o‘tmadi. XDPdan nomzod vakilining axborot xavfsizligini saqlashda davlatning rolini oshirish borasidagi taklifi ancha bahstalab bo‘lib, bu aynan axborot xurujlaridan jamiyatni himoyalashning optimal mexanizmi deb bo‘lmaydi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, ushbu debatlar jamiyatdagi dolzarb masalalar muhokamasi va siyosiy partiyalarning yondashuvlaridagi xilma-xilligi bilan o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Eng muhimi jamoatchiligimiz taklif va tashabbuslari asosida shakllantirilgan,mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan mavzularda siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar vakillari o‘z pozitsiyalarini ochiq namoyon etishdi. Bu ham saylovoldi siyosiy raqobat muhitini ifodalovchi muhim omillardandir. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring