«Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangilanadimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmonda universitet zimmasiga o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
Mazkur vazifadan kelib chiqqan holda universitet tashabbusi bilan 2016-yil avgust oyida maxsus ishchi guruh tuzildi. Ushbu ishchi guruh ijtimoiy tarmoqlar, OAV, anjumalarda aholining barcha qatlamlari fikrini o‘rgandi, tahlillar olib bordi va xulosalar ijtimoiy tarmoqlarda qayta muhokama qilindi. Ikki yarim yil mobaynida Davlat tili haqidagi qonun, imlo va alifbo masalalari bo‘yicha qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi. O‘rganishlar natijasi va mutaxassislar fikri umumlashtirib, so‘nggi xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etildi. Ko‘p o‘tmay ushbu masala yuzasidan maxsus yo‘l xaritasi tuzildi va «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalariga ko‘ra «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Ushbu yo‘l xaritasiga asosan «Davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi tayyorlandi. Ushbu loyihada soha mutaxassislari, jamiyat a’zolari tomonidan bildirilgan mulohazalar to‘la o‘rganib chiqilgan va inobatga olingan.
Huquqiy sohada va milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirgan va «Davlat tili haqida»gi Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi shu kungacha davlat va jamiyatda ko‘zga tashlangan ko‘plab muammolarga yechim topishi ko‘zda tutilgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarini Oliy Majlis Senatiga taqdim etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter