Bosh vazir yoshlar muammolariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazdi
Bugun, 25-iyun kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qilinayotgan ishlar, 30 iyun kuni nishonlanadigan «Yoshlar kuni»ni munosib kutib olish kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan «Xabar.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, Bosh vazir Abdulla Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston yoshlarining muammolari, bu borada yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarga hamisha e’tibor qaratib kelayotgani, bu orqali barcha rahbarlarga saboq berayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
«Birgina misol o‘tgan bir yil ichida mamlakatimizda, yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmoni va 5 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qaror va 4 ta farmoyishi qabul qilindi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda turli soha va tarmoqlarda yuksak natijalarga erishayotgan yigitlarimizni munosib taqdirlash maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti ta’sis etildi. Jamoat ishlarida faol ishlab kelayotgan yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.
Yosh oilalarimizning uy-joyi va maishiy sharoitini yaxshilash maqsadida 2018–2021-yillarga mo‘ljallangan «Yoshlar uylari»ni barpo etish dasturi tasdiqlandi. Bunga ko‘ra 8000 nafardan ortiq yosh oilalar uy-joyga ega bo‘lishadi. Qani ayting-chi, qachon biz yoshlarga bu qadar yoshlarga imkoniyat va sharoit yaratib, yuksak etibor ko‘rsatganmiz?!
Yoshlarga erkin ta’lim olib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishiga shart-sharoit yaratish maqsadida, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Termiz davlat universitetining Denov filiali, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi», — deb aytdi Abdulla Aripov.
O‘zbekiston Bosh vazirining ma’lum qilishicha, yaqinda O‘zbekistonda dunyodagi eng mashhur bo‘lgan Moskva muhandislik-fizika institutining filiali ochilishi kutilmoqda. «O‘zbekiston rahbari qaysi davlatga rasmiy tashrif bilan bormasin, bu yerdagi eng mashhur oliy ta’lim muassasalarining filiallarini O‘zbekistonda ochishga katta etibor qaratib keladi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, Moskva muhandislik-fizika instituti ham uncha-muncha davlatda filialini ochavermaydi. Bu ham bo‘lsa, davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari mahsulidir», deya ta’kidlagan Abdulla Aripov.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga asosan 30-iyun O‘zbekistonda «Yoshlar kuni» etib belgilangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter