Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Brexit» va Gretsiyadagi iqtisodiy tanglik. Belgiya elchisi Toshkentdagi uchrashuvda nimalar haqida gapirdi?

«Brexit» va Gretsiyadagi iqtisodiy tanglik. Belgiya elchisi Toshkentdagi uchrashuvda nimalar haqida gapirdi?

Foto:Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

28-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga qarorgohi Moskva shahrida joylashgan Belgiyaning O‘zbekistondagi elchisi Rejibo Jan-Artur boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Belgiyaning O‘zbekistondagi elchisi Rejibo Jan-Artur «Yevropa integratsiyasi nima? Belgiyadan nazar» mavzusida ma’ruza o‘qidi.

Rejibo Jan-Artur Yevropa Ittifoqini yuzaga kelishining tarixiy asoslari va omillari, Yevropa qit’asidagi integratsiya jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlari, Yevropa Ittifoqining integratsion birlashma sifatida jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda Yevropa Ittifoqi doirasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruza qildi. Xususan «Belgiya ham Yevropa Ittifoqiga asos solgan mamlakatlardan biri bo‘lib, Yevropa Ittifoqini tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsadimiz mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan iborat edi. Biz bunga erishdik va bu bizning katta yutug‘imizdir. Yevropa Ittifoqi doirasida 4 ta erkinlik – tovarlar, xizmatlar, kapital va insonlarning erkin harakatini ta’minlash bizning integratsiyamizning bosh mazmunini tashkil etadi» deb ta’kidladi.

Foto:Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

Shu bilan birga elchi janoblari o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi oldida turgan bir nechta muhim masalalar haqida to‘xtalib, migratsiya siyosati va tashqi migratsiya masalalari, yevroskiptizm, ittifoq doirasida aholi daromadlari o‘rtasidagi tafovutning saqlanib qolayotgani, Gretsiyadagi iqtisodiy muammolar, birlashmaning kelajakdagi qiyofasi xususidagi turli xil qarashlar mavjudligi haqida ham gapirib o‘tdi. Bugungi kunda dunyo hamjamiyati e’tiborida bo‘lib turgan «Brexit» masalasiga ham to‘xtalib, «Biz Buyuk Britaniya fuqarolarining tanlovini hurmat qilamiz. «Brexit»ning vujudga kelishi Ittifoq doirasida ba’zi muammolarning mavjudligidan darak beradi va biz bu muammolarni albatta ko‘rib chiqamiz. Hozirda esa Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishining o‘tish davriga mo‘ljallangan dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, jarayon oson kechmasligini aytib o‘tishim mumkin» deb fikr bildirdi.

Uchrashuv TDShI talabalarida Yevropa Ittifoqidagi integratsiya jarayonlari haqida yana ko‘proq ma’lumotlar olish uchun imkoniyat yaratdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring