«Belarusning ShHT a’zoga aylanishi bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelinmagan» – Nurimbetov
Ayrim xorijiy nashrlarda Belarus Samarqandda o‘tkaziladigan ShHT sammitida tashkilot a’zosiga aylanishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekistonning ShHT bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ushbu xabarlar yuzasidan izoh berdi.
Nurimbetovning aytishicha, Belarus iyun oyida ShHTga to‘liq a’zo bo‘lib kirish masalasida rasman murojaat qilgan. Biroq yakuniy to‘xtamga kelinmagan.
«Hozirda ushbu masala 8 ta a’zo davlatlar tomonidan o‘rganilmoqda, biroq yakuniy to‘xtamga kelinmadi. Mavzu ShHT davlatlari milliy koordinatorlarining 10-14-sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi kun tartibidan joy olgan.
Belarusni ShHTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish uchun konsensus bo‘lishiga yaxshi imkoniyatlar mavjud, deyish mumkin. Bu esa Samarqand sammitida ushbu davlatni ShHTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish protsedurasini boshlash to‘g‘risidagi davlat rahbarlari qarorini qabul qilinishi mumkin degani. Biroq bu qaror ushbu mamlakatning darhol ShHTga a’zo bo‘lishini anglatmaydi.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bunday jarayon, odatda, o‘rtacha ikki yil davom etadi. Chunki nomzod davlat qator majburiyatlarni bajarishi lozim va bu esa muayyan vaqtni talab etadi», – deya ta’kidladi milliy koordinator.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter