Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aziza Umarova: «Paxta ekilgan yer 25 dollar foyda keltiradi, bog‘ esa 3500 dollar»

Aziza Umarova: «Paxta ekilgan yer 25 dollar foyda keltiradi, bog‘ esa 3500 dollar»

Foto: «Aziza Umar kundaligi» kanali

Davlat boshqaruvi sohasidagi mutaxassis Aziza Umarova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun saylovda ishtirok etmaslikka qaror qildi. Bu haqda uning o‘zi bayonot berib o‘tdi.

— Menda siyosatga o‘ta berilib ketish, siyosatparastlik yo‘q. Shuningdek, deputat bo‘lish niyatim ham yo‘q, chunki nomzodlar borasida oldingi saylovlarga nisbatan jiddiy siljishlar bo‘lishiga ishonchim komil emas. Sizlar qatori men ham umrim davomida o‘zim saylagan birorta deputatni bilmaganman, yuzma-yuz kelmaganman, nima bo‘libdi, yashayapmiz-ku!.. O‘tgan oylar mobaynida partiya hali biror bir yig‘ilishiga chaqirgani yo‘q. Nomzodlarning tayinlanish jarayoni mavhum. Ma’lumot to‘plash va axborot hujumlari tushunarsiz bo‘lmoqda. Bularning barchasi behuda narsalar.

Umid qilamanki, hech bo‘lmaganda bir nechta munosib faol insonlarga imkon beriladi. Masalan, Kusherbayev kabilarga. Hech bo‘lmaganda 10 nafar shunday insonga yo‘l ochilganda edi...

Kim deputat bo‘lishidan qat’i nazar, iltimos, uch islohotga e’tibor bering:

1. Ijtimoiy himoya qilish sohasidagi islohot. 2013-yil guruhimiz bilan Moliya vazirligida yolg‘iz qolgan keksa kishilarning oziq-ovqat paketlari narxining hajmi 1998-yildan beri indeksatsiya qilinmaganligini aniqlashtirgandik. Shundan Mehnat vazirligi bilan barcha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqqanmiz hamda VMQ qabul qilgandi: http://www.lex.uz/docs/2718858
Bu amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarning kichikkina misoli, xolos. Bunday ishlar bardavom bo‘lishi shart. Ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha agentlikni tashkil qilish, ijtimoiy faoliyat tizimini tadbiq etish hamda himoyaga muhtoj qatlamlarni davlat qaramog‘iga olish kerak. Ijtimoiy himoya qilish tashkiloti mavjud bo‘lmagan biror bir davlatni bilmayman.

2. Qishloq xo‘jaligini isloh qilish. O‘zbekistonda suvning 90 foizi sug‘orishga ishlatiladi, shuning yarmidan ko‘prog‘i paxtaga ketadi. U esa arzimagan chaqachalik mablag‘ olib keladi. Bunda davlat buyurtmasini bajarayotgan davlat kompaniyalarigina yutadi. O‘ylab ko‘ring, bir gektar paxtadan 25 dollar, bir gektar bog‘dan esa 3500 dollargacha mablag‘ topish mumkin. Bunday ko‘rinishdagi subsidiya qishloq xo‘jaligida o‘rta sinfni yuzaga keltirmaydi. Xususiy yer egalari – fermerlarga nisbatan munosabatni o‘zgartirish zarur.

3. Ta’lim tizimini isloh qilish. Maktab — biz uchun eng muhim. Har bir o‘quvchiga arzimas (hatto aytishga ham odam uyaladi!) mablag‘ ajratamiz. Qo‘shni mamlakatlarda davlat ta’limga ancha mablag‘ beradi. Biz maktablar va universitetlarimizni har bir kishi soniga ko‘ra moliyalashtirishga o‘tishimiz zarur. Maktab ta’lim islohotida barcha darslik va o‘qitish uslublari qaytadan ko‘rib chiqilishi shart. Aks holda inson kapitali (human capital) masalalarini hech qachon hal qila olmaymiz.

Parlamentning oldindan tuzilgan, besh yilga mo‘ljallangan qonunchilik tashabbuslari bo‘lishi lozim. Davlat budjeti yagona tarzda jamlashtirilib, barcha budjetdan tashqari mablag‘lar unda aks ettirilishi zarur.

Mamlakatimni juda ham sevaman. Ishonamanki, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Biroq teran mushohada yuritgan holda anglamoqdamanki, ehtimol, hozircha yuqori marralarni belgilash, partiyalar va yangilangan parlamentlar to‘g‘risida gapirish mavridi emas.

Ta’lim sohasida eng muhim tashabbus ustida ish olib borilmoqda. Agar ro‘yxatda qayd etilayotganda rad etish yuzaga kelsa, mening burchim istalgan asabbuzarlik holatlari yuzaga kelayotgan sabablarni bartaraf etishdan iborat... (O‘z fikriga ega har qanday nomzod kishining asabiga tegadi). Bu mamlakatimizning kelajakdagi yoshlari uchundir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring