AQSh elchisi O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasini baholadi
AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum «Amerika ovozi» radiosiga bergan intervyusida rasmiy Toshkent Ukrainadagi urush bo‘yicha betaraf pozitsiya egallaganiga munosabat bildirdi.
«Tushunamiz va bu pozitsiyani hurmat qilamiz. Chunki O‘zbekiston naqadar murakkab vaziyatda ekanini anglaymiz... Geografik va tarixiy omillar mavjud. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya... Rossiyada, shuningdek, mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag‘ mamlakat iqtisodiyoti uchun salmoqli sarmoya sanaladi. O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalari bu! Biz buni tushunamiz» , – deydi AQSh elchisi.
Joriy yil 17 mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov parlamentda Ukrainadagi voqealar bo‘yicha bayonot bergandi.
«Avvalambor, Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ikkinchidan, O‘zbekiston – vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur» , – degan edi mamlakat bosh diplomati.
A.Komilov, shuningdek, O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligini ta’kidlagandi.
Deniyel Rozenblyum cuhbat davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining mazkur bayonotiga ham munosabat bildirib, uni «asosli, mantiqli, aniq» deb atagan.
AQSh elchisi, ayni choqda, O‘zbekistonda Rossiyadan kelayotgan axborot ta’siri kuchli ekani, rus propagandasining yolg‘onlariga aldanmaslik uchun erkin axborot suv bilan havodek zarurligini urg‘ulagan.
Diplomat rasmiy Vashington suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik kabi prinsiplarni ayricha qadrlashini yana bir karra ta’kidlagan.
«Biz hamisha suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni e’zozlaymiz va himoya qilamiz. Bular – dunyo barqarorligi uchun o‘ta muhim xalqaro prinsiplar. Ular chetga uloqtirilsa, buzilsa, qudratliman degan davlat boshqasini vayron qiladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida shuni ko‘rmoqdamiz. Fikrimcha, bu prinsip O‘zbekiston uchun ham chuqur ahamiyat kasb etadi» , – deydi D.Rozenblyum.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 9 mart kuni Abdulaziz Komilov Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara o‘tkazgan edi. Mazkur uchrashuv yakunida ham AQSh tomoni O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga butkul sodiq ekanini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter