Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Qodirov va Odiljon Tojiyev rossiyalik deputatning da’vosiga javob qaytardi

Alisher Qodirov va Odiljon Tojiyev rossiyalik deputatning da’vosiga javob qaytardi

Rossiya Davlat dumasi deputati, iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi Markaziy kengashi a’zosi Yevgeniy Fyodorov sobiq Ittifoq davlatlari suverenitetini shubha ostiga oluvchi o‘ta bahsli bayonot bergan edi.

Rus siyosatchisining kurakda turmaydigan da’vosiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining ikki o‘rinbosari javob qaytardi.

«Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi shekilli... Bundan biz foyda ko‘ramizmi, yo‘qmi – vaqt ko‘rsatadi. Yong‘inga qarshi choralar ko‘rib, sovuqqonlik bilan kuzatamiz...»deya qisqa post qoldirdi parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiya rahbari Alisher Qodirov.

Qonunchilik palatasi spikerining axborot faoliyatini muvofiqlashtirish va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Odiljon Tojiyev esa Ye.Fyodorovning bayonotini «g‘oyat original» deb atadi.

«Xalq vakili o‘zini geosiyosatning yetuk mutaxassisi sifatida ko‘rsatib, har xil hech kimga noma’lum «nazariyalar»ni keltiribdi. Uning aytishicha, Sovet Ittifoqini barcha respublikalar noqonuniy tark etgan, allaqanday 14/09-sonli qonunni buzgan holda. Aftidan, Fyodorov Konstitutsiya barcha qonunlardan ustun ekanini tushunmaydi. Vaholanki, SSSR Konstitutsiyasining 72-moddasida shunday deyilgan edi: «Har bir Ittifoq respublikasi SSSRdan erkin chiqish huquqini saqlab qoladi».

Ustiga ustak, Fyodorovning mantig‘iga amal qilinadigan bo‘linsa, o‘tgan shu 32 yil davomida Rossiya Federatsiyasi nomidan ish tutgan prezidentlar Yelsin va Putin, Rossiya parlamenti va hukumati, Rossiya davlat hokimiyatining barcha institutlari bu respublikalar bilan noqonuniy munosabatlarda bo‘lishgan. Ya’ni ikki tomonlama (suveren tenglik asosidagi siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, harbiy, madaniy va boshqa sohalardagi) aloqalarning barchasi hamda ko‘p tomonlama formatlar, bitimlar, shartnomalar (MDHdan boshlab turli xil Shanxay shartnomalarigacha) noqonuniy edi. Bu holda, butun dunyoga ishonch bilan e’lon qilish mumkinki, bunday noqonuniy huquqiy makonda ishlaydigan Rossiya hokimiyat institutlari o‘z mohiyatiga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi.

Shunday qilib, hurmatli deputat bilvosita, ammo nozik tarzda Rossiya davlatidagi barcha davlat hokimiyati institutlarini noqonuniy munosabatlari uchun tarqatib yuborishga chaqirdimi? U hazillashyapti, hoynahoy», – deya e’tiroz bildirdi O.Tojiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring