«Afg‘oniston masalasida siyosiy partiyalarning fikrlari xilma-xil, biroq...»
Haqiqatan ham, mamlakatimiz oxirgi besh yilda zalvarli va ulkan yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisiga aylandi.
Debatda siyosiy partiyalar nomzodlari vakillari mamlakatimizning tashqi siyosatidagi eng muhim jihatlar, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ichki xavfsizlik, Afg‘oniston muammosi kabi hozirgi kun tartibida turgan birinchi darajali masalalarga munosabatlarini aniq ifodalab berdilar.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalasiga yondashuvda ekologik hamkorlik, mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirish, Markaziy Osiyoda mamlakatlar hamkorligining aniq va yakdil strategiyasini ishlab chiqish kabi yondashuvlar partiyalarning ushbu masalada aniq qarashlari borligidan dalolat beradi.
Shuningdek, Afg‘oniston masalasida siyosiy partiyalarning fikrlari o‘ziga xos tarzda xilma-xil bo‘lsa-da, barcha partiyalar Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ularga ko‘mak berish borasida xalqaro hamjamiyatning yagona va yakdil strategiyasi bo‘lishi tarafdori. Lekin shu bilan bir qatorda, ba’zi masalalarda, jumladan, qochoqlar muammosiga qarashlar turlicha.
Umuman, debat yuksak darajadagi munozara namunasini ko‘rsatdi. Muhimi, keng omma doirasida mamlakatimizning tashqi siyosati tahlil etildi hamda aniq pozitsiyalar, chora-tadbirlar va belgilangan vazifalar ko‘rsatib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlarida tashqi siyosat va xavfsizlik masalasiga alohida urg‘u berilgani hamda bu yo‘nalish birinchi marotaba ochiq munozaraga qo‘yilgani muhim ahamiyatga ega. Ilgarilari tor doiralardagina muhokama qilinadigan ushbu dolzarb masala yuzasidan bugun bo‘lib o‘tgan debatda siyosiy partiyalar vakillari, prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari ochiq mulohaza bildirdilar. E’tiborga molik jihati shundaki, nomzodlarning saylovoldi dasturlarida tashqi siyosat masalasida siyosiy partiyalarning o‘z pozitsiyasi, yondashuvlarining xilma-xilligini kuzatishimiz mumkin.
Debatlar fikrlar plyuralizmini namoyon etdi.
Sog‘lom bahs-munozara demokratik tafakkur ifodasi bo‘lib, jamiyatimizning huquqiy va demokratik rivojidan dalolatdir.
Mehribon Abdurahmonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter