Abdulla Aripov bugun Belarus poytaxtiga boradi
![Abdulla Aripov bugun Belarus poytaxtiga boradi](https://static.xabaruz.com/crop/2/4/720_460_95_2496644456.jpg)
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Minsk shahrida 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan MDH hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, delegatsiyalar rahbarlari tor doiradagi uchrashuvda Hamdo‘stlik doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishi, navbatdagi uchrashuv sanasi va joyini belgilab olishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda delegatsiyalar yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar ko‘rish, MDH mamlakatlari hududlarining sanitariya muhofazasi va Hamdo‘stlik aholisini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.
Shuningdek, soxta savdo belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish, geodeziya, kartografiya, kadastr va yerni masofadan zondlash sohasidagi hamkorlikni tartibga soluvchi va boshqa hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.
Majlisda MDHga a’zo davlatlarda davlat moddiy rezervlarini boshqaradigan davlat (ijro etuvchi) organlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi hamkorligi konsepsiyasi va uni amalga oshirishning asosiy chora-tadbirlari rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, qurolli kuchlar ofitserlarini tezkor-strategik tayyorlash sohasida asosiy tashkilot to‘g‘risidagi hamda turli lavozimlarga kadrlarni tayinlashga oid qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter