80 000 aholining muammosi — So‘x-Rishton yo‘li qachon ochiladi?
Tahririyatimizga ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar yuzasidan murojaatlar kelishi tobora ko‘payib bormoqda. Ana shunday muammolardan biri chegara hududi va anklavlar masalasi bo‘lib, bu masala yillar davomida o‘z yechimini kutayotganidan boxabarmiz.
«Assalomu alaykum, «Xabar.uz» sayti ijodkorlari. Sizlarga Farg‘ona viloyatining so‘lim So‘x tumanidan murojaat yo‘llamoqdamiz. Bizni qiynayotgan og‘ir savolga javob bormi — So‘x-Rishton yo‘li qachon ochiladi? So‘x xalqi hamon arosatda. Qo‘shni davlatning ayrim nopok kimsalari va vakolatli organlarining qiynoqlariga qachongacha chidab yashaymiz? Bu muammoni yecha oldigan yagona inson — Prezidentimiz. Chunki u kishining sa’y-harakatlari tufayli qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz ancha yaxshilanganini eshitayapmiz, ko‘rayapmiz. Biz ham ohu nolalarimiz davlatimiz rahbariga yetib borishini istaymiz. Iltimos, shu mavzuni yoritinglar. Qo‘shni davlatning DAN xodimlari-yu bojxona xodimlari hamon o‘tib-qaytadiganlardan pul tama qilishayapti. Qachongacha So‘xgacha yetish uchun biz 200-300 ming so‘mlab sarflab boramiz?
Ustiga-ustak yo‘l bo‘yida yashovchi ayrim g‘alamislar mashinalarni toshbo‘ron qilishayapti. Oddiy odamlar ham mashinalarni to‘sib pul undirayapti. 40 kilometrlik yo‘lga 35-40 ming so‘m yo‘lkira berib qatnashga majbur bo‘layapmiz.
30-may kuni 100 kishidan ortiq odam qo‘shni davlat hududida qolib ham ketdik. Ularniki tugul o‘zimizning bojxonachilar ham kirgizishmadi. Oramizda ayollar, yosh bolalar ham bor edi. Shunday og‘ir damlarda loaqal o‘zimizning bojxonachilar ham to‘g‘ri muomala qilishmagani, ko‘mak berish nari tursin, teskari o‘girilib olishlaridan har qanday insonning xo‘rligi keladi. Axir bizning aybimiz nima, so‘xlik bo‘lganimizmi, yurtimizning biz yashayotgan bo‘lagi chetda qolib ketganimi?!
80 000 nafardan ortiq aholi haqqi-hurmati shu mavzuni yoritib chiqinglar. Kimki bu so‘zlarimizga ishonmasa, So‘x tumaniga kelib, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib ketsin. Ahvolimizni darhol tushunadi...».
Ma’lum sabablarga ko‘ra maktub muallifining nomini sir saqlashga qaror qildik. Ishonamizki, eng yuqori doirada bu muammo yuzasidan uzluksiz ishlar olib borilmoqda va tez orada xayrli xabarlardan voqif bo‘lamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter