Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Zulfiya» ko‘z yoshlarga ishonmaydi

«Zulfiya» ko‘z yoshlarga ishonmaydi

Farida Narziyeva.

Foto: «Xabar.uz»

Mukofot kimga yoqmaydi?! Agar u davlat mukofoti bo‘lib, sohibasiga qator imtiyozlar taqdim etsa-chi?! Shu ma’noda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olgan g‘olib qizlarning quvonchini tushunish mumkin. Ular uchun go‘yo boshqa bir olam o‘z eshiklarini ochayotgandek. Muborak, muborak...

Albatta, mukofot sohibalarining iqtidoriga shubha qilmoqqa inkor etib bo‘lmas asoslar topmoq qiyin. Biroq ulardan kam bo‘lmagan ko‘plab iqtidorlar tanlovning muhim bosqichiga yetib kelmagani, buning sabab va omillari haqida bahs-munozaralar, mana, necha yilki, tinmaydi. Iste’dod uchquni yarq etib ko‘rinib turgan qancha qizlarning tanlovdan hafsalasi pir bo‘ldi ekan? Zero, bu qizlar ham bilimdon-u zukkolikda o‘zlarini aslo kam deb bilishmaydi-da.

Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Yuqsun qishlog‘ida tug‘ilgan Farida Narziyeva bizga shu masala bo‘yicha murojaat qilish asnosida sira ko‘z yoshini tiyolmadi. Axir shuncha yillik mehnatlari, tunni tongga ulab tikkan kashtalari munosib bahosini olmagani alam qilmaydimi? Farida viloyatning mintaqalararo saralash bosqichida Davlat mukofoti uchun bellashganlar orasida ism familiyasi yo‘qligini bilgach, dastlab Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Feruza Ibragimovaga 2018-yil 3-dekabr sanasida appelyasiya shikoyat xatini yozadi.                               

Men ne deyman, qo‘bizim ne deydi

«Men Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga san’atning kashtado‘zlik yo‘nalishi bo‘yicha Shofirkon tuman bosqichida muvaffaqiyatli o‘tib, Buxoro viloyat mintaqalarao saralashda mutaxassislarning bergan barcha savollariga kutgan javobni berib, ko‘rik-tanlov natijalari bo‘yicha najot kutsam, ular tomonidan hammaga ma’lum — «shunchaki yo‘liga» beriladigan javob oldim. Men ularning javobidan qoniqmadim. Shuning uchun ham haq-huquqimni himoya qilish uchun, ya’ni, 2018-yil 10-noyabrdagi ishchi guruh ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov nizomida ko‘rsatilgan talablar bajarilmaganligini va nomzodimni o‘rganish jarayonida yuqoridagi holatlar e’tiborga olinmaganligini, mazkur jarayonda menga nisbatan nohaqlik yo‘liga o‘tib, bor holatga xolis baho berishga harakat ham qilganlari yo‘q. Buxoro viloyat komissiyasining tanlov natijalari bo‘yicha tasdiqlangan xulosani qanchalik asosli va adolatli ekanini bilish maqsadida vakolatli maxsus mutaxassislar fikri va xulosasini olish uchun yuqori turuvchi vazirliklardan sohaning mutasaddi rahbarlarini taklif qilib, qayta komissiya tuzib ko‘rib chiqishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman».

Farida Narziyeva. Foto: «Xabar.uz»

Ushbu murojaatdan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan vakillar kelib, Faridaning onasi Latipova Lutfiya bilan suhbatlashgani haqida dalolatnoma tuzishadi. Dalolatnomaki, Faridaning viloyat bosqichidan o‘tolmaganini rasman ma’lum qilish haqida. Bu javob, tabiiyki, Faridani qoniqtirmaydi. Shundan so‘ng u ikki bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga shikoyat xati yozadi. Ushbu shikoyat xatlari aylanib-o‘rgilib viloyat hokimi o‘rinbosari Feruza Ibragimovaning qo‘liga yetib boradi va quyidagicha javob xati yoziladi: «Sizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olishda amaliy yordam ko‘rsatishni (?) so‘rab yozgan 1199-ar/19, 1200-ar/19 hamda 9700-s/19-sonli bir xil mazmundagi murojaatlaringiz o‘rganib chiqildi.

Murojaatingiz o‘rganilayotgan jarayonida Siz Toshkent shahrida istiqomat qilayotganingiz sababli, onangiz L.Latipova bilan suhbat o‘tkazilib, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti to‘g‘risidagi Nizom tartiblari bilan tanishtirildi. Siz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti viloyat komissiyasi ish faoliyatidan norozi bo‘lib, hujjatlaringiz Respublika komissiyasi tomonidan o‘rganilishini so‘rab murojaat qilganingizni inobatga olib, Respublika komissiyasiga xat yuborilganligini bildiramiz. Mazkur javob xatidan norozi bo‘lgan taqdiringizda yuqori turuvchi organlarga murojaat qilish huquqingiz borligini bildiramiz». Javobdan nimanidir tushundingizmi? Men ham tushunmadim. Ammo anglaganim shu bo‘ldiki, F.Narziyevaning «Buxoro viloyat komissiyasining tanlov natijalari bo‘yicha tasdiqlangan xulosani qanchalik asosli va adolatli ekanini bilish maqsadida vakolatli maxsus mutaxassislari fikri va xulosasini olish uchun yuqori turuvchi vazirliklardan sohaning mutasaddi rahbarlarini taklif qilib, qayta komissiya tuzib ko‘rib chiqishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman», degan murojaatiga jo‘yali javob yo‘q.

Bahonami bu...

Farida o‘zi tug‘ilib o‘sgan uyida ro‘yxatda turadi, ammo ko‘rgazmayu festivallar sabab bir oyog‘i Toshkentda. Farida Narziyevaning hay’atlar tomonidan bildirilgan xulosaga noroziligi o‘rganilmasdan, uning ko‘proq Toshkentda bo‘lishiga e’tibor qaratilgani qiziq. Ya’ni mahalla fuqarolari yig‘ini vakillari Faridaning onasi Latipova bilan suhbat o‘tkazib tuzilgan dalolatnomada ham, 2019-yil 6-fevralda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari F.Ibragimovaning shikoyatga javob xatida ham bir xil mazmundagi javob yoziladi, ya’ni «murojaatni o‘rganish jarayonida Siz Toshkent shahrida istiqomat qilayotganligingiz sababli onangiz L.Latipova bilan suhbat o‘tkazilib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risidagi nizom tartiblari bilan tantishtirildi». Viloyat komissiyaning xulosasidan ona emas, farzand norozi bo‘lmoqda. Va u tupkaning tagiga ketgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i Toshkentda. Chaqirib, suhbatlashish nahot qiyin? Nima, onasi bilan gaplashdik — bo‘ldi, qizining «g‘ishavalarini» o‘zi tinchitib olsin, deganimi bu?

Farida yoshligidan buvisi Farog‘at ayaning yonida o‘tirib kashta tikishni o‘rgandi. Foto: «Xabar.uz»

Faqat radio eshitadi

Chunki Farida televizor ko‘radigan bo‘lsa, internet titkilasa kashta tikishga vaqt topa olarmidi? Farida yoshligidan buvisi Farog‘at ayaning yonida o‘tirib kashta tikishni o‘rgandi. Farog‘at aya nevarasiga ushbu hunarning sir-asrorlarini o‘rgatib yashadi. Bugun qizlar telefondan, kompyuterdan ko‘z uzmay turgan paytda Farida igna bilan go‘zallik yaratadi. Mana shu qo‘l hunari bo‘yicha qatnashmagan ko‘rgazmasi qolmadi. «Tashabbus» ko‘rik-tanlovida har yili biror nominatsiya g‘olibi bo‘lib qaytadi. Hand made. uz, «Navqiron O‘zbekiston» milliy san’at festivallari, «Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab turizm» Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi, «Mustaqil yurt hunarmandlari» kabi sanoqsiz ko‘rgazma-tanlovlar ishtirokchisi...

Faridaning kashtalari bugun hatto xorijliklarning-da uyini bezab turibdi. Festivallarda Faridaning tikkan kashtalari uchun ajratilgan joy nafaqat hamyurtlarimiz, balki xorijiy mehmonlarning ham eng gavjum joyiga aylanadi. Kashtado‘zning turli xil hajmdagi so‘zanalari, yostiq jildlari, milliy liboslari Qozog‘iston, Fransiya, Turkiya, AQSh va Xitoy mamlakatlarida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda. Hatto amerikalik jurnalist Klara Xek Faridaning kashtalaridan hayratlanib u haqda maqola yozadi.

Foto: «Xabar.uz»

Shu topda Rossiya telekanallarida bir paytlar eng sevib tomosha qilinadigan «Posledniy geroy» ko‘rsatuvi yodga tushadi. Ko‘rsatuv ishtirokchilarining g‘olib yoki mag‘lubligini tomoshabin ko‘z o‘ngida namoyish qilib boradigan ushbu loyiha qanchadan qancha HAQIQIY qahramonlarni kashf qilgandi. Zulfiya mukofoti mutasaddilari ham shu haqda o‘ylab ko‘rishsa bo‘lmasmikan? Ya’ni, talabgor qizlarning salohiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilsa, jarayonni keng jamoatchilik bevosita guvohiga aylansa... Chakki bo‘lmaydi, a?

Hozir sportchi ko‘p, shaxmatchi ko‘p, qo‘shiqchi, raqqosa, shoir ko‘p... Ammo milliy hunarmadchilikka mehr qo‘yib, o‘zbekning qadim qadriyatni yuksaltirishga intiladigan qizlar borgan sari kamayib bormoqda. Milliylik targ‘ibotchilari bo‘lgan, qadriyatlarimizni mudom yodga solib turadigan kashtachi qo‘li gul qizga nega shunday munosabat? Farida faqat bayramlarda do‘ppi, faqat tadbirlarda kashtali ko‘ylak kiymaydi. Milliylik uning qon-qoniga singib ketgan. Afsuski, tanlovning nizomida «milliylikni saqlab qolgan qizlar uchun» degan bandi yo‘q. Agar mana shu band bo‘lganida Faridaga o‘xshagan qizlar ham mukofotga munosib ko‘rilardi, bundan esa doimo milliy qadriyatlarimizni e’zozlab yashagan shoira Zulfiyaxonim ham faxrlangan bo‘lardi.

Farida g‘olib bo‘lmadi. Biroq uning shijoati mukofotli bo‘lib, so‘ng g‘oyib bo‘ladigan ko‘pgina «laureatkalar»ning ishtiyoqidan ancha baland. Uning kabi qizlar yurtimizda juda ko‘p. Ular bunday mukofotlarni qo‘lga kiritolmasa-da, zulfiyachilardan ham ko‘proq yutuqlarga erishayotgan qizlar kabi o‘z maqsadlaridan ortga chekinmaydi. Hali o‘zbek kashtachiligini, Shofirkon kashtachilik maktabi dovrug‘ini yillar davomida rivojlantiradi. Shunga yarasha e’tiroflarga ham sazovor bo‘lajak, nasib...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring