Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zomin ko‘chalarida yurgan bo‘rilar bo‘yicha izoh berildi

Zomin ko‘chalarida yurgan bo‘rilar bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Zomin tumanida yarim tunda shaharcha ko‘chalarini bo‘rilar kezib yurganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

«Xabar.uz» so‘roviga javoban Jizzax viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

— Bo‘rilar aynan Zomindagi shaharcha hududida bo‘lmagan. Bo‘rilar Jizzax viloyatining tog‘li hududlarida uchraydi va yashaydi. Ammo so‘nggi yillarda bo‘rilarning aholiga tashlanganligi yoki shikastlantirish holatlari aniqlanmagan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasi 2-qismiga asosan, hayvonot dunyosi ob’yektlaridan maxsus foydalanish ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining «Ov va ov qilish xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 25-moddasi 3-qismida ovchilik xo‘jaligiga va insonning xo‘jalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish yoki tutib olish ovchilik xo‘jaliklarining talabnomalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi, deb ko‘rsatilgan.

Ya’ni, ovchilik xo‘jaligiga va insonning xo‘jalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlar ko‘payib ketganda ovchilik xo‘jaliklarining talabnomalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tomonidan hududdagi hayvonlar ko‘payganligi tasdiqlangan taqdirda, Fanlar Akademiyasi va Davlat Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ko‘payib ketgan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish uchun ovlashga ruxsat beriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan bo‘riga o‘xshash bo‘lgan itlar bo‘ri ovozi bilan tasvirlangan videolavhalar joylashtirilmoqda. Ushbu lavhalar feyk xabar bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan bu kabi xabarlarni tarqatib, aholini vahimaga solmasliklarini so‘raymiz, deyiladi munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring