Ziyolilar saylovda..!
Barchamizga ma’lumki, bugun mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy jarayon – prezident sayloviga start berildi. Bugun soat 8:00 dan mamlakatimizdagi 10,761 ta saylov uchastkalari davlat madhiyasi sadolari ostida ochildi. Mazkur saylovni 971 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan, xalqaro tashkilotlardan 631 nafar va xorijiy davlatlardan 340 nafar kuzatuvchi bevosita kuzatmoqdalar. Shuningdek, partiyalardan 53,700 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10,700 nafar kuzatuvchilar ro‘yxatga olingan. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy OAVlarning 1670 vakili yoritib borishmoqda.
Bu yilgi saylov jarayonlarining oldingisidan yana bir ustun jihati bu yil O‘zbekistoning turli hududlaridagi 207 ta saylov uchastkasida o‘rnatilgan 414 ta videokamera orqali saylovchilarning ovoz berish jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn rejimda kuzatib borish imkoniyatining yaratilganligi bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bu yilgi saylovlarda o‘zlarining yuksak siyosiy faolliklarini namoyon etishmoqda. Ayniqsa, o‘zbek siyosiy elitasi vakillari va ziyolilar bu yilgi saylovlarda boshqalarga shaxsiy o‘rnak ko‘rsatib har bir nomzod chiqishlariga o‘zlarining ilmiy yondoshuvlari bilan ilgari surilgan g‘oyalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazib berib bordilar. Masalan: Falsafa fanlari doktori, professor, Ismoil Saifnazarovning «Saylov jarayonida nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyodan odamlar ishtirok etdi, kimdir bizni qo‘llab-quvvatlasa, kimdir tanqid qildi, kimdir butun dunyoga ayuhannos solib saylovni bekor qilishga urindi! Ammo o‘z haqini tanigan, o‘zining yangi dunyoqarashiga ega bo‘lgan xalqimizni bunday urinishlar ko‘zlagan maqsadimizdan chalg‘ita olmadi, buni bugungi saylovchilarning faolligi va tetik kayfiyati ham ko‘rsatib turibdi» degan bugungi chiqishlarining o‘ziyoq bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning barchasi ovoz berish huquqidan foydalanib, ovoz berish jarayonida oila a’zolari bilan birga qatnashganligi esa qonun ustuvorligi barcha uchun barobar ekanligini xalqqa yana bir bor ko‘rsatdi. Bu an’anani bir qator viloyat hokimlari, vazirlar, parlament a’zolari, tashkilot va idoralar rahbarlari, bir qancha fan va madaniyat arboblari, yetuk shaxslar va ziyolilar ham davom ettirib, o‘zlari munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berishdi.
Siyosiy elita va ziyolilar qatlamining ovoz berish jarayonidagi faolligi natijasida ko‘plab fuqarolarimizning g‘ayrati oshdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bugun soat 11:00 ga qadar saylovchilarning 6 mln 669 ming 552 nafari yoki 33,6 foizi ovoz berib bo‘lishdi. Agarda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga asoslanadigan bo‘lsak, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 33 foizi ovoz berishda ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tgan deb hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Eng quvonarli jihati hozircha saylov jarayoniga oid hech qanday qonunbuzilish holatlari haqida xabar kelib tushmadi.
Bugungi saylovning qonunchilik va demokratik tamoyillarga asoslangan holda fuqarolarning, ayniqsa, jamiyatning muhim kuchi bo‘lmish – ziyolilarning faol ishtiroki xalqimiz tafakkurida ertangi kunga ishonch va mamlakat taqdiriga qayg‘urish tuyg‘ularining o‘sganligini yana bir bor isbotladi.
Baxtiyor Mahkamov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter