Zilziladan bir yil o‘tib: Malatya viloyatida nimalar qilindi?
Ma’lumki, avvalroq Turkiyada zilziladan keyin amalga oshirilgan ishlar, Qahramonmarash va Adiyamandagi holat bo‘yicha maqolalar taqdim etilgandi.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qilingan ishlar bilan tanishish maqsadida Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan kelgan jami 34 nafar OAV vakillari safarning uchinchi kuni Malatya viloyatida bo‘lishdi. Bu mintaqa o‘zining o‘rigi va turli shirinliklari bilan mashhur hisoblanadi.
Oldingi uchrashuvlardan farqli o‘laroq bu galgi viloyat gubernatori bilan muloqot Malatya xalq kutubxonasida o‘tkazildi. Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay hashamatli binoda joylashgan kutubxonada yoshlar juda ham ko‘p edi. Binoning hashamatiga yarasha kutubxonada qulay sharoitlarni e’tirof etish joiz. O‘g‘il-qizlarning nafaqat guruh mashg‘ulotlarida, balki alohida joylashib kitob mutolaasiga mashg‘ul bo‘lishayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Malatya gubernatori Ersin Yaazachi qardosh xalqlar matbuot vakillari bilan muloqotda bo‘layotganidan xursandligini bildirib, viloyatda tabiiy ofat zararlari va uni bataraf etish yo‘lidagi chora-tadbirlar xususida so‘z yuritdi.
– Viloyatimizda boshqa hududlarga nisbatan o‘lim kam bo‘ldi, – dedi gubernator janoblari. – Sababi – vatandoshlarimiz zilzilaning ikkinchi to‘lqini haqida tezkor ogohlantirilgan edi. To‘g‘ri, binolar ko‘p zarar ko‘rdi, ammo bu insonlar hayoti oldida katta ahamiyatga ega emas.
Gubernatorning ta’kidlashicha, sog‘liqni saqlash tizimidagi katta shifoxonalar zarar ko‘rmagan. Shu sababli ular bir maromda o‘z faoliyatini davom ettirgan.
Viloyatdagi 46 ta maktab tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan, 2 tasi vayron bo‘lgan. 855 ta sinfxonaga shikast yetgan. Ayni paytda 1600 ta sinfxona ta’mirlanmoqda, ularning 500 tasi foydalanishga tayyor bo‘lgan.
Viloyat rahbari kichik biznes, dehqon va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganiga ta’kidladi. Xususan, tijoratchilar uchun 313 gektar maydonda 11 mingta savdo do‘konlari qurilmoqda, davlat tomonidan fermerlarga 695 million lira va hunarmandlarga 2 milliard lira miqdorida yordam ko‘rsatilgan.
Aholiga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berish ishlari davom ettirilmoqda. Shu davrga qadar zilziladan aziyat chekkan fuqarolarga 6,1 milliardlik moddiy yordam, har oyda 5 ming liradan “Esen” plastik kartalariga pul tushirib berilmoqda. Shuningdek, zilzila natijasida ruhiy jarohat olganlar bilan psixologlar, ekspertlar va din vakillari shug‘ullanishmoqda.
Gubernator Malayatda hayot davom etayotgani, bir-ikki yilda o‘z maromiga tushib ketishini, boshqa joylarga ko‘chib ketganlar yana qaytishiga umid bildirdi.
Jurnalistlar gubernator bilan bo‘lib o‘tgan savol-javobdan so‘ng Battalg‘ozi tumanidagi Gelinchaktepadagi qurilayotgan turarjoylar tomon yo‘l olishdi. Hozir bu yerda 84 gektar maydonda ko‘pqavatli uylar bunyod etilmoqda. Ayni paytda 35 ta uydagi 726 ta xonadon qurib bitkazilgan. Yaqin orada xonadonlar qur’a tashlash orqali o‘z egalariga topshiriladi. Besh qavatli uylardagi xonadonlar barcha zarur sharoitlar bilan qurilgan.
Bu yerda qurilish kompaniyalari vakillari bilan qizg‘in suhbat bo‘ldi. Uch kunlik press-tur davomida AFAD va TOKI tashkilotlari ko‘p bora tilga olindi. Quyida ushbu tashkilotlar tarixiga qisqa to‘xtalib o‘tamiz.
AFAD – Turkiyaning favqulodda holatlarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanadigan agentlik (boshqarma). Uning faoliyatini nomini o‘zi bildirib turibdi. TOKI ijtimoiy uylar qurilishi bilan shug‘ullanadigan davlat boshqarmasi hisoblanadi. Tarixi 1924 yilga borib taqaladi, asoschisi Kamol Otaturk. O‘sha yilda Erzurumda sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini davlat tomonidan bartaf etish maqsadida tashkil qilingan. O‘z vaqtida Turkiya Prezidenti Turg‘ut O‘zol ham bu kompaniya faoliyatida ba’zi islohotlarni o‘tkazgan. Turg‘ut O‘zolning topshirig‘iga ko‘ra, 1984 yildan hozirgi nomni olgan. 2003 yil 7 avgustdagi o‘sha paytdagi Bosh vazir, hozirgi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning farmoyishiga ko‘ra boshqarmaning faoliyati yanada kengaytirildi. 2021 yilning 7 iyulida TOKI tomonidan qurilgan millionchi uyni foydalanishga topshirilish marosimini ochib bergan. Kompaniya qurgan uylarda 5 milliondan ziyod turkiyaliklar istiqomat qilishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter