Zarbdor tumani markazining bosh loyihasi ishlab chiqildi, Zominda 136 million yevrolik zavod qurilmoqda
O‘zbekiston prezidentining tumanlar markazlarini obod qilishga qaratilgan tashabbusini Jizzax viloyati, Zarbdor tumani aholisi ham katta xursandchilik bilan qabul qilib, faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Birinchi navbatda, tuman markazining zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga javob beradigan bosh loyihasi ishlab chiqildi. Bunda yangi uy-joylar barpo etish, mavjudlarini ta’mirlash, bugungi taraqqiyot darajasiga monand ijtimoiy soha ob’yektlari, yo‘llar va piyodalar yo‘laklari, aholiga xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlari tarmoqlarini yuzaga keltirish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bilan bog‘liq katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlariga kirishilgan.
Tuman markazidagi shoh ko‘cha – Mustaqillik ko‘chasi tom ma’noda qurilish maydoniga aylangan. Loyiha asosida bu ko‘cha kengaytirilmoqda. Yo‘l bo‘yidagi o‘z umrini yashab bo‘lgan eski turar-joylar, savdo nuqtalari olib tashlanib, yig‘ilib qolgan chiqindilar hududda olib chiqib ketilmoqda. Mazkur ko‘cha hamda markazdagi ko‘p qavatli uylar atrofida hech qanday rejasiz qurib tashlangan qurilmalar bartaraf etilib, hudud to‘liq tozalandi. Yana bir necha oydan keyin Mustaqillik ko‘chasining ikki tomonida zamonaviy savdo markazlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari paydo bo‘ladi.
Hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi tarmoqni tortish, mavjud quvurlarni rekonstruksiya qilish, yangi quduqlar barpo etish va mavjudlarini ta’mirlash belgilangan.
Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etilishi, tibbiyot birlashmasi, 1-sonli bolalar bog‘chasi kabi bir qator ijtimoiy muassasalar binolari yangi ko‘rinishga ega bo‘lishi ham aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Eski Bo‘ston aholi maskanida 500 ish o‘rniga ega bo‘ladigan tikuvchilik korxonasi qurilishi olib borilyapti. Mazkur korxonada asosan shu yerda yashovchi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ish bilan band bo‘ladi. Tumandagi xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan «Sharq yulduzi», «Taraqqiyot», «Yangikent», «Oqar» qishloqlarida Mirzacho‘l tajribasi asosida 250 ish o‘rniga ega bo‘lgan 4 ta tikuvchilik sexi tashkil etiladi.
Jizzax viloyatning katta salohiyatga ega tumanlaridan biri Zomindir. Tumanda Turkiya texnologiyasi asosida bir kunda 400 metr kub oqava suvni zararsizlantirish hamda qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanishga yo‘naltirishga mo‘ljallangan suv tozalash inshooti qurilishning birinchi bosqich ishlari yakunlandi. «Bioland» suv tozalash inshooti yaxshi samara berishi bilan birga, atrof-muhitga bezarar ekani bilan ham alohida ajralib turadi.
Zomin tumanida aholi uchun qulay muhit yaratish bilan birga, bandlikni ta’minlash, hudud ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida yirik quvvatli zavod va korxonalar tashkil etishga ham katta e’tibor berilayapti.
Misol uchun, Dashtobod shaharchasida uzoq yillar bo‘sh yotgan 40 gektar yerda barpo etilayotgan «Zomin-sement» korxonasi shaharchadagi ilk sanoat korxonasi bo‘ladi. 136 million 700 ming yevro qiymatidagi mazkur noyob loyihaning amalga oshirilishi 400-chidan 700-chi markagacha bo‘lgan yuqori sifatli sement ishlab chiqarish imkonini beradi.
Tartibsiz, eski, suvog‘i ko‘chgan 79 ta uy ko‘cha bo‘yini to‘ldirib turgan Qorasoch Otaqulova ko‘chasida ham bunyodkorlik ishlari boshlangan. Ixcham, zamonaviy 92 ta uy shu yilning o‘zida qurib bitkaziladi, bundan tashqari zamonaviy bozor, 50 o‘rinli mehmonxona, minimarket, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda tikuvchilik majmuasi ishga tushiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter