Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zararli shovqin va yoqimsiz hidlar bo‘yicha tartib kuchaytiriladi

Zararli shovqin va yoqimsiz hidlar bo‘yicha tartib kuchaytiriladi

Foto: Xabar.uz

Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Prezidentining «Atrof-muhitni, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar ta’siridan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Respublikamizda zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar bilan bog‘liq murojaatlar statistikasi yuritilmasada, so‘nggi paytlarda OAVlarda aholi yashash hududlarida zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar atrof-muhitga ko‘p chiqarilayotganligi, bu maishiy turmushda turli noqulayliklarni, va hatto aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirlarni yuzaga keltirayotganligi haqidagi fuqarolarning shikoyatlari ko‘paymoqda.

Shu bilan birga, zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas.

Amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlarida ayrim shovqinlarga oid normalar belgilangan. Biroq, yorug‘lik shovqinlari va hidlar bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorlari mavjud emas. Masalan, sanitariya qoidalari va me’yorlarida elektron displeyli (led, oled, 3D) tashqi reklama ob’yektlarining yorug‘lik me’yorlari belgilanmagan hamda undagi yorqin ranglarning inson sog‘ligiga salbiy ta’siri, namoyish etish davriyligi bo‘yicha normativlar keltirilmagan.

Davlat organlarining zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish va ularni oldini olish sohasidagi vazifalarining aniq chegaralari belgilanmaganligi mazkur sohani tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Yuqorida nazarda tutilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan Loyihada quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

a) Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga va aholi salomatligiga bevosita zarar yetkazuvchi zararli manbalar deb e’tirof etish;

b) «Tungi vaqt»ni – soat 23-00 dan soat 6-00 ga qadar bo‘lgan vaqt, «shovqinsiz davr»ni – ish kunlarida soat 23-00 dan soat 7-00 ga qadar hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21-00 dan soat 8-00 qadar bo‘lgan vaqt etib belgilash;

v) 2024-yil 1-yanvardan boshlab tungi vaqt va shovqinsiz davr mobaynida quyidagilarni taqiqlash:

– turar joylarda va aholi punktlarida tashqi va ichki manbalardan ruxsat etilgan shovqin darajasidan ortiq shovqinlarni hosil qilish, shuningdek ruxsat etilgan shovqin darajasiga muvofiq, lekin aholiga sezilarli notinchlik tug‘diruvchi doimiy bo‘lgan yoki doimiy bo‘lmagan shovqinlarni chiqarish;

– aholi punktlarida va joylashtirish vositalarida daraxt kesuvchi, maysa va o‘tlarni o‘ruvchi, avtomototransport vositalari hamda boshka jismlarni avtomatik ravishda yuvuvchi elektr va benzin dvigatellar yordamida ishlaydigan moslamalardan foydalanish;

– aholi punktlarida avtomototransport vositalari, shu jumladan, tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar yoqilgan transport vositalari tomonidan tovush chiqarish moslamalaridan foydalanish;

– aholi punktlarida ochiq osmon ostida ko‘ngilochar-tomosha tadbirlarini (musiqiy, konsert, sport, reklama va boshqalar) o‘tkazish;

– yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p kvartirali uylarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, bundan avariya holatlarini bartaraf etish hollari mustasno (elektr, gaz, issiqlik hamda ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga xavf-xatar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa favqulodda holatlar);

d)«Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar yagona geoaxborot portali» tizimini yaratish hamda mas’ul xodimlarni tizimdan foydalanish bo‘yicha o‘qitish;

ye) Hidlar va yorug‘lik shovqinlari bo‘yicha sanitariya normalari va qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

yo) atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash va buzish ishlarida changning chiqishi va atrof-muhitga tarqalishini oldini olish imkonini beradigan zamonaviy suvni purkaydigan (mikroklimat) texnologiyalarini joriy etish choralarini ko‘rish.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qonunchiligimizda aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlar yaratish kelgusida zararli shovqinlarga oid yuzaga keladigan masalalarning aniq tartibi belgilanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring