Yuriy Nikulinning so‘nggi kunlari

Mashhur artist Yuriy Nikulin ishtirok etgan filmlarni kim sevib tomosha qilmagan, uning latifalaridan kim miriqib kulmagan deysiz! Aktyorning shaxsiy hayoti ham ko‘pchilikni qiziqtiradi. Nikulin umrining so‘nggi o‘n yilini kiyevlik ayol bilan bog‘ladi. Ular avvaliga do‘stlashishdi, keyin bu do‘stlik yanada mustahkam bo‘ldi.
Valentina Grigoryevna jiyanini (ukasining qizini) Moskva markaziy xiyobonidagi sirkka olib bormoqchi bo‘ladi. Biroq u yerga chipta sotib olish qiyin. Nima qilish kerak? Valentina Grigorevna o‘ylab-o‘ylab Kiyevdan turib Yuriy Nikulinga xat orqali murojaat qiladi. Nikulindan javob olgach, xursandchilikdan boshi osmonga yetadi.
Charli Chaplin, Oleg Popov, Yuriy Nikulinlarning ashaddiy muxlisi bo‘lgan Valentina «Kavkaz asirasi» va «Brilliant qo‘l» kinokomediyalarini qayta-qayta ko‘rib to‘ymasdi. Unga, ayniqsa, Yuriy Nikulin yoqardi. Nikulin bilan tanishish birdan-bir orzusi edi. Mana, shunday baxt nasib etdi.
Javob xati kelganida Valentina Grigorevna osmonning yettinchi qavatida edi go‘yo. Oddiy fransuz tili o‘qituvchisi nafaqaga chiqib shunday mashhur inson bilan tanishadi deb kim o‘ylabdi deysiz? Xullas, Valentina ko‘p o‘ylab o‘tirmay jiyani bilan Moskvaga yo‘l oladi. Sirkdagi tomoshalardan hayratlangach, o‘zini tutolmay Nikulinga bitgan minnatdorchilik maktubini navbatchiga qoldirib, ortiga qaytadi. Xatni o‘qigan Yuriy Valentinaga qo‘ng‘iroq qilib, tomosha yoqqanidan xursandligini aytadi va uni bir oydan keyingi premeraga taklif qiladi.
Bu safar Valentina sirkka yolg‘iz keladi. Uni Yuriy Nikulinning o‘zi kutib oladi. Ular bir soatdan ko‘proq suhbatlashishadi. Valentina Yuriyga butun hayotini so‘zlab beradi. Shunday qilib do‘stlik rishtalari bog‘lanadi. Ular telefonlashib, xat yozib turishadi. Valentina Moskvaga kelganida qabulxonada Yuriy Nikulinning odamlarni qabul qilib bo‘lishini soatlab kutardi. Ajoyib, mustahkam oilasi bo‘lishiga qaramay, Nikulinni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p edi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini yolg‘izdek his qilardi. Keyingi paytda intervyu bergan va Nikulin haqida nojo‘ya gapirgani Yevgeniy Morgunov bilan munosabatlari buzilgan, o‘rtaga sovuqchilik tushgan edi.
Yuriy Nikulin Valentina Grigorevnaga shunday xat yozadi:
«17.01.1995 y. Aziz va hurmatli Valentina Grigorevna! Hayot o‘z oqimida ketmoqda. Eski yil bilan o‘z vaqtida xayrlashdik. Latifalar kitobimning yangi nusxalari qo‘limga tegdi. Peterburgda o‘tkazilgan tanlovda «Oltin Ostap» mukofoti sovrindori bo‘ldim. Shunday yangiliklar qatori noxushliklar ham bor. Juda ko‘p do‘stlarimdan ayrildim. Bundan iztirobdaman...»
Ular yaqin hamdard, hamfikr, maslakdosh edilar. Valentina bir yilda ikki-uch marotaba Moskvaga kelib, qarindoshinikida yashardi. Nikulin bilan esa sirkda yoki sirk kafesida uchrashar edi. Kelasi gal Valentina Moskvaga kelganida Yuriy Vladimirovich qiziqarli dasturga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. U Valentinaga Katta opera va balet teatridagi eng zo‘r spektaklga taklifnoma beradi. Navbatchi ayol qo‘lidagi chiptada Yu.Nikulin imzosi borligini ko‘rib hayratdan yoqa ushlaydi. «Men u bilan sirkda birga ishlaganman, − deydi quvonchini yashirolmay. − U shu qadar ajoyib insonki, tanaffusda kelsangiz, sizga ajoyib narsa ko‘rsataman».
Valentina teatrda yuqori lavozimdagilar o‘tiradigan qatordan joy oladi. Tanaffusda navbatchi ayolning oldiga boradi. U Valentinani mansabdor mehmonlar qabul qilinadigan xonaga boshlab kiradi. Valentina hammayog‘i zarhal iplarda tikilgan matolar bilan bezatilgan xonani ko‘rib hayratdan dong qotib qoladi. Kechqurun Yu.Nikulin telefon qilib, Valentinadan taassurotlarini so‘raydi. U esa to‘lqinlanib gapirib beradi. Bu xonani hattoki Nikulinga ham ko‘rsatishmagan ekan.
Yuriy Nikulin sermulohaza, ajoyib, bag‘ri keng inson edi. Valentina telefonda yoki yozgan xatlarida undan rafiqasi Tatyana Nikolayevna haqida so‘raganida doimo iliq fikrlarni aytgan.
Yuriyning onasi uylari yonida yilqichilik fermasi joylashgani bois o‘g‘lini ot bosib ketishi mumkinligidan judayam qo‘rqardi. Onasi har qancha ehtiyot qilmasin, Yuriy Vladimirovich ot ostida qoladi. O‘sha otchopar Tanya onasi bilan Yuriyni ko‘rgani kasalxonaga keladi... Bu qizaloq kelgusida Yuriy Nikulinga turmushga chiqadi.
«Azizim Valentina Grigorevna, uzoq jimlikdan so‘ng sizga yana maktub yo‘llayapman. Vlad Listev o‘ldirilgach, xatingizni oldim. Men ham sizga o‘xshab ko‘p siqildim. Chunki kamina ham bu insonni yaxshi ko‘rardim. O‘limidan uch kun oldin Listev kechqurun «Oq to‘tiqush» klubiga keldi. Mening oldimga kirib yuzlarimdan o‘pib shunday dedi: «Hurmatli Yuriy Vladimirovich, siz tasavvur qilolmaysiz, men sizni ko‘rganimdan bag‘oyat baxtiyorman». O‘ylashimcha, uning o‘limi xuddi boshqa qotilliklar singari «Asrning siri» bo‘lib qoladi. Judayam qo‘rqinchli zamonda yashayapmiz...»
1996-yil 18-dekabrda Yuriy Nikulin Valentinani o‘zining 75 yillik yubileyiga taklif qiladi. Shu yerda u Yu.Nikulinning xotini bilan tanishadi. Valentina aziz inson uchun nima sovg‘a qilishini bilmay boshi qotadi. O‘ylay-o‘ylay qadimgi kumush vazani hadya qiladi.
Yubiley sirk binosida o‘tkazilib, unda artistlar, rejissyorlar, yozuvchilar va boshqa mashhur insonlar ishtirok etadi. Valentinani eng aziz mehmon sifatida Yuriyga yaqinroq joyga o‘tqazishadi. Yu.Nikulinning oila a’zolari birma-bir so‘zga chiqishadi. Yuriy Vladimirovichga «Nikulin» raqamli avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alar tuhfa etiladi. Valentina o‘shanda Yuriy Vladimirovichni so‘nggi marta ko‘rayotganini bilmasdi...
Nikulin Valentinaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini noxush his etayotganini, kasalxonaga yotishini aytadi. O‘sha kunlari Valentina yomon tush ko‘rgan. U Yu.Nikulinning uyiga, dala hovlisiga qo‘ng‘iroq qiladi. Afsuski, hech kim javob bermaydi. Kechqurun Tatyana Nikolayevna erini operatsiyaga tayyorlashayotgani haqida Valentinaga xabar beradi. Afsuski, bir necha kundan so‘ng mashhur aktyor Yuriy Nikulin vafot etadi...
«Salom, azizim Valentina Grigorevna! Mushaklar, shovqin-suronlar ovozi allaqachon tindi. Oylik filmlar namoyishi tugadi. Ayrimlarida kamina ishtirok etdim. Sovg‘alar taqsimlab bo‘lindi, ba’zilari shundoqligicha qolib ham ketdi. Sizning vazangiz esa stolimni bezab turibdi. Nihoyat hayajonli daqiqalardan uzoqlashdim. Men bu bema’ni bayramni o‘tkazmaslikka bekorga qarshi chiqmagandim. Axir mamlakatda nimalar sodir bo‘lyapti? Men dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘plab xatlar olardim. Hozir ham yuzlab maktub keladi. Ulardan ikki-uchtasi dastxat yoki sovg‘aga kitob so‘rasa, aksariyati kundalik yashashi uchun, operatsiyaga, dori-darmonga pul jo‘natishimni iltimos qilishadi. Ayrimlari meni ish joyimdan ham topib olishadi.
Yarim yil oldin o‘g‘lim Maksim bilan bir necha yolg‘iz va yordamga muhtoj moskvaliklarga yordam qildik. Ularni kasalxonaga joylashtirdik, nogironlik aravachalari sotib olib berdik. Ularni mehmon qilish uchun Moskvaning markazidan joy ajratishga muvaffaq bo‘ldik. Shu ishlarni amalga oshirganimdan so‘ng men o‘zimni juda yengil his qildim. Xo‘sh, qolganlarga qanday yordam berish mumkin?
Oilam haqida aytadigan bo‘lsam, Tatyana Nikolayevna o‘pkasini shamollatibdi, kuchuklarim ham kasal. Bu yil qish yog‘in-sochinli keldi, hammayoq loygarchilik. Sirkda esa ishlar o‘sha-o‘sha. V.Chernomirdin bizga bitta avtobus va yuk mashinasi sovg‘a qildi. Hammamiz xursandmiz. Arzimas maosh bilan bularni sotib ololmasdik. Men o‘sha kuni g‘ala-g‘ovurda sizga yaxshiroq qaramaganimdan o‘zimni kechirolmayapman.
Hurmat bilan Sizning Nikuliningiz».
Yuriy Nikulin vafotidan so‘ng Valentina Moskvadan qadamini uzdi. Uning uchun Moskva ham, sirk ham o‘z qiymatini yo‘qotgan edi. U barcha narsaga befarq, uydan ko‘chaga kam chiqadigan bo‘lib qoldi.
Valentina Grigorevna yolg‘iz yashar, befarzand edi. Eng yaqin kishisini topganida undan ham ayrildi. Bir kam dunyo deb shunga aytsalar kerak-da...
Izzat Ahmedov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter