Yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyev vafot etdi

O‘zbek adabiyotining yetuk namoyondalaridan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori Xudoyberdi To‘xtaboyev 2021-yil 21- mart kuni bu yorug‘ olamni 89 yoshida tark etdi.
O‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932-yil 17-dekabrda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, ToshDU filologiya fakultetining logika-psixologiya bo‘limida o‘qigan.
Xudoyberdi To‘xtaboyev oliy o‘quv yurtini tugatgach, «Toshkent haqiqati», «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomalarida, «Guliston», «Gulxan», «Sharq yulduzi», «Yosh kuch» oynomalarida, «Kamalak» nashriyotida ishladi, «Oltin meros» respublika jamg‘armasiga rahbarlik qilgan.
Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Shoshqaloq» 1961-yilda e’lon qilindi.Xudoyberdi To‘xtaboyev Hamza nomidagi Davlat mukofoti, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» (1982) unvoni sovrindori, O‘zbekiston xalq yozuvchisidir (1991).
«Sehrli qalpoqcha», «Sariq devni minib» ( jami 24 tilga tarjima qilingan), «Sariq devning o‘limi», «Besh bolali yigitcha», «Qasoskorning oltin boshi», «Yillar va yo‘llar», «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida», «Mungli ko‘zlar», «Sir ochildi», «Omonboy va Davronboy sarguzashti», «Jannati odamlar», «Shoshqaloq», «So‘qmoqlar» va boshqa ko‘plab sevimli asarlar muallifi.
Xabar.uz yozuvchining yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter