Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yovvoyi tabiat, qor qoploni, qo‘ng‘ir ayiq va osmon – Hisor qo‘riqxonasi haqida (video)

Yovvoyi tabiat, qor qoploni, qo‘ng‘ir ayiq va osmon – Hisor qo‘riqxonasi haqida (video)

Inson tabiatdan ancha uzoqlashib ketdi. Bugun biz yovvoyi tabiat nima ekanligini deyarli bilmaymiz. Ayiq quvsa nima qilish kerak? Dunyoda 5-6 mingtagina qolgan qor qoploni odamga ko‘rinadimi? Silovsin nima ovlab kun ko‘radi? Qizil sug‘urning noyobligi nimada? Umuman, bu hayvonlar qanday joylarda kun kechiradilar? Biz bu savollarning javobini bilmaymiz.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Hisor davlat qo‘riqxonasiga borganimizda savollarimizga javob topishga harakat qildik. Oldinga o‘tib aytamiz, safarimiz biroz og‘ir, biroz xatarli, ammo juda qiziqarli bo‘ldi.

Afsonaviy G‘ilon
Qo‘riqxona haqida gapirilganda, avvalo afsonaviy G‘ilon qishlog‘iga ham to‘xtalib o‘tish lozim. Bu yerga turizm qishlog‘i nomi berilgan, o‘zi ham shunga yarasha ertakmonand joy. Atrofi baland tog‘lar bilan qurshab olingan G‘ilonga borish oson emas. Ammo juda zavqli. Ilgari yo‘llar asosan toshloqdan iborat bo‘lgani uchun Shahrisabzdan 85 kilometrlik masofa 3-4 soatda bosib o‘tilardi. Turizm rivojlangani sari yurtimizning eng chekka hududlarida ham yo‘l yaxshilanib boryapti, G‘ilonning yo‘li ham ancha tekislanib qolgan.

Tog‘lar bag‘riga kirgandan so‘ng esa haqiqiy mashaqqat boshlanadi. Yo‘ltanlamas mashinalardan boshqasi yura olmaydigan yo‘l tekis emas, ulovimiz bir tomonga qiyshayib boradi. Istalgan vaqtda mashina pastga toyib ketadigandek tasavvur paydo bo‘ladi.

Haydovchimiz yosh bo‘lsada ancha tajribali, mashinani dadil boshqarib ketadi. Bizga hamroxlik qilayotgan qo‘riqxona xodimlari esa bu yo‘llarda yuraverib ko‘nikib ketgan. Hech narsaga parvo qilmay ketadilar. Biz esa biroz qo‘rqamiz.

Qo‘riqxona
Hisor qo‘riqxonasi – O‘zbekistondagi eng yirik qo‘riqxonalardan biri bo‘lib, uning maydoni 81 ming gektarni tashkil etadi.

Tog‘lar juda maftunkor. Shu bilan birga biroz qo‘rqinchli ham.

Bu tog‘larning tarifini o‘z vaqtida shoir Oybek keltirib qo‘ygan - vahshiy tog‘lar. Ammo odamlar tog‘dan ko‘ra vahshiyroq bo‘lib chiqdi, agar shu cho‘qqilar bo‘lmaganda qizil kitobga kiritilgan hayvonlar qirilib ketgan bo‘lardi.

Xozir Hisor davlat qo‘riqxonasi o‘z bag‘rida minglab noyob jonzotlarni asrab kelmoqda.

Qo‘riqxonaning mard, fidoyi va mehnatkash xodimlari o‘tkazgan oxirgi sanoq natijalariga ko‘ra, bu yerda:

- 177 ta Tyan Shan qo‘ng‘ir ayig‘i;
- 52 ta Qor qoploni;
- 3850 ta Sibir tog‘ echkisi, ya’ni xalqimiz tili bilan aytganda kiyik;
- 4320 ta noyob qizil sug‘ur;
- 837 ta tulki;
- 981 ta to‘ng‘iz;
- 76 ta bo‘ri;
- 191 ta silovsin;
- 449 ta jayra;
- 28407 ta kaklik;
- 1114 ta hilol kakligi;
- 4015 ta quyon yashab, kun ko‘rib kelmoqda.

Shuningdek Hisor tog‘ qo‘riqxonasi osmonida:

- 138 ta Qora g‘ajir;
- 161 ta oqbosh qumoy;
- 150 ta Boltayutar.

Va xalqimiz tomonidan juda ardoqlanadigan 162 ta Turkiston burguti kabi yirtqich va noyob qushlarni ko‘rish mumkin.

Qor qoploni
Bu jonzotlarning har biri bizning faxrimiz. Masalan, qor qoplonini olaylik. Mushuksimonlar oilasiga kiruvchi bu jonzot butun dunyo bo‘ylab ardoqlanadi.

Qor qoploni - eng yuqori cho‘qqilarda yashaydi, uning izini dengiz sathidan 6 ming metr yuqorida bo‘lgan joylarda uchratish mumkin.

Qor qoploni shu qadar yuqorida yashaydiki, u burgut, oqbosh qumoy yoki boshqa yirtqich qushning uyasini tortib olib, o‘ziga in qilishi ham mumkin. Yashash muhiti imkon bergan holatda esa 1.5-3 ming balandlikkacha tushib keladi. O‘tib bo‘lmas baland tog‘lar, cho‘qqilar, toshlar - qor qoplonining dunyosi hisoblanadi.

Qor qoploni hisobini yurituvchi qo‘riqxona xodimlari ham shunday joylardan yurishga majbur bo‘ladilar – u qoldirgan har bir narsa - qordagi panja izi, butalardagi tirnoq izi, hatto qor qoploni qoldirgan ahlat ham maxsus kitobga qayd etib boriladi.

2023 yilda Hisor davlat qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari tog‘ toshlar bo‘ylab qor qoploni izidan yuzlab kilometr yurdilar va o‘nlab fotoqopqonga tushgan noyob kadrlarni o‘rgandilar. Ularning mashaqqatli mehnati evaziga bugun biz ham o‘sha kadrlarni ko‘rishimiz mumkin.

Qo‘ng‘ir ayiq
Qo‘riqxonadagi yana bir noyob yirtqich hayvon esa – Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i hisoblanadi. U anchagina yirik hayvon - tana uzunligi 2 metrdan oshiqroq, vazni esa 200 kilogrammgacha borishi mumkin.

Qo‘ng‘ir ayiq archazor va mevazor tog‘li hududlarni xush ko‘radi. Yemishi esa hamma narsa bo‘lishi mumkin - o‘t o‘lan, meva-chevadan tortib, archalarning donigacha iste’mol qiladi. Shu bilan birga qo‘ng‘ir polvon go‘shtni ham juda xush ko‘radi, mayda hayvonlardan tortib to‘ng‘izgacha ovlab yeyishi mumkin.

Ayiqning o‘ziga hos xususiyatlaridan biri, u qishda 5-6 oylik uyquga ketadi. Qiziq jihati - ona ayiq aynan shu vaqtda bolalaydi. Ayiq odatda bir yoki ikkita bola ko‘radi, ular juda kichkina, nari borsa 300 grammlik bo‘ladilar va qishdan chiqquncha ona suti bilan kun ko‘radilar.

Bahorda ona ayiq bolalarini ergashtirib inidan chiqadi. Bu vaqtga kelib ayiqchalar 3-5 kilogrammli bo‘lib qoladilar. Kuzgacha esa ona ayiqning qaramog‘i ostida meva-cheva va go‘sht yeb, 30 kilogrammlik ayiqlarga aylanadilar.

Bizning maqsadimiz qo‘riqxonadagi noyob hayvonlarni ko‘rish va ko‘rsatish. Juda bo‘lmaganda o‘sha jonzotlarning yashash areoli bilan tanishib chiqishni istaymiz.

Ayiq quvsa...
Qo‘riqxona xodimlari bilan kengashib olgandan keyin yurar marshrutimizni aniqlab olamiz. Bu yog‘i endi omadga bog‘liq.

Qo‘riqxonachilar hayoti ancha sarguzashtlarga boy bo‘ladi. Masalan, yo‘lboshchimiz Sodiqni o‘tgan yozda mana shu daralar ichida ayiq quvlagan. Bu haqda uning o‘zi kameraga aytib berishga istihola qiladi, ammo mikrofonlar o‘chgan vaqtda bizga hazilomuz aytib berdi.

Xullas, Sodiq qo‘riqxona hududini ko‘zdan kechirish vaqtida charchab, biroz dam olish uchun to‘xtaydi. Shu vaqtda ortidan harsillagan ovoz eshitiladi, o‘girilib qarasa, ayiq polvon yugurib kelyapti. Bunday vaqtda tajribasiz odam shoshib qolishi turgan gap, ammo qo‘riqxonachilar ayiqni ortga qaytarishning yo‘lini yaxshi bilishadi, shunchaki shovqin ko‘tarib, uni hurkitish kerak. Buning uchun esa ko‘pchilik bo‘lish lozim.

Aynan shu sababga ko‘ra qo‘riqxonachilar hech qachon kuzatuv ishlariga yolg‘iz chiqmaydilar. Ko‘plashib, hay-haylashib ayiqni to‘xtatib qoladilar.

Ayiq voqeasi bilan bog‘liq mutoyibadan so‘ng yana yo‘limizda davom etamiz.

Izlar...
Tez orada kiyiklar va bir juft silovsin qoldirgan izga ko‘zimiz tushadi. Tajribali yo‘lboshchilarimizning aytishicha, ikki uch kunlik iz ekan bu, avval bir to‘da kiyiklar o‘tgan, ularning ortidan esa silovsin kuzatib kelgan. Ov taqdiri qanday bo‘lganini esa afsuski biz bila olmaymiz. Jonzotlar o‘zini ko‘rsatishni yoqtirmaydilar, yaxshi hamki fotoqopqonlar bor. Ular orqali yovvoyi tabiat hayoti bilan tanishib borish mumkin.

Yurgan yo‘limizdan bot-bot hayvonlar izlari chiqib turadi. Ammo izini ko‘rsatgan jonzotning o‘zidan darak yo‘q. Qish yovvoyi hayvonlar suv ichish uchun suvloqqa muntazam kelmaydilar. Bu esa ularni muqarrar ko‘rish mumkin bo‘lgan yagona chora.

Ishimiz og‘irlashadi, yo‘l boshlovchilarimiz ham kiyiklar nimaga ko‘rinmayotganini tushuntirishga urinadilar.

Kuzatishlar naf beravermagach, ijodiy guruhimiz ikkiga bo‘linishga qaror qiladi.

Bir guruh suvloqni kuzatishda davom etadi, ikkinchi guruh esa Tyan Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining yashash areolini o‘rganish uchun yo‘l oladi.

Ayiq makoni
Tog‘da yuqoriga yurish og‘ir va xavfli, ayniqsa toshli joylardan yurishga extiyot bo‘lish kerak. Chunki tosh sirpanadi, bizga yo‘lboshchilik qilgan xodimlar bir necha bor ogohlantiradilar.
Yurish biz uchun oson bo‘lmaydi. Urinib, surinib, ilgarilab boramiz.

Nihoyat ayiqlar yashaydigan hududga yaqinlashamiz. Bu yerda Tyan Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining bir nechta ini bor, u o‘sha yerda qishki uyquga ketgan.

Biz esa ayiqning bahorgi, yozgi joylarini o‘rganamiz. Bu yerlarda xozir yursa bo‘ladi, ammo ko‘klam kelgach yana egasi - ayiq polvon qaytib keladi. Yozda bu yerlarga chiqish o‘ta xavfli, yaxshisi uzoqdan aylanib o‘tgan afzal.

Nihoyat, ayiqning iniga yetib kelamiz. U yerga bundan ortiq yaqinlashib bo‘lmaydi, qo‘ng‘ir polvon shu yerda uyquni urib yotibdi.

Ortga qaytish
Ortga qaytishga chog‘lanamiz. Bu ham oson emas, avvalgidan ko‘proq ehtiyotkorlik lozim. Tog‘da yuqoriga o‘rlashdan pastga enish xavfliroq.

Suv muzlagan, havo tobora sovub bormoqda.

Izlar, yana izlar. Ammo hayvon o‘zini ko‘rsatmaydi. Kim biladi deysiz, qor qoplonimi yoki biror silovsin mana shu toshlar orasidan bizni kuzatib turgandir.

Biz esa muzda toyina toyina yana iz topamiz.

Izlar bor, ammo ularni qoldirgan jonzotlar bizga ko‘rinish bermasligi tayin. Shuning uchun ham yovvoyi tabiat bu.

Ortga qaytish fursati yetdi. Tog‘lar esa o‘z hayoti bilan yashashda davom etadi.

Qo‘riqxona osmoni
G‘ilonga kelib bildikki, qo‘riqxonada nafaqat hayvonot va nabotot dunyosi, flora va fauna, balki mana shu yulduzlari bor osmon ham qo‘riqlanarkan. Bunaqa tiniq osmonni bolalikda, hali ekologiya ancha toza, tabiat esa insonga xozirgidan ko‘ra yaqinroq bo‘lgan vaqtlarda ko‘rardik.

G‘ilonda yulduz ko‘kda uzib olgudek darajada yaqin ko‘rinadi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring