Yaxshi qo‘shnichilik. Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot berdi
2018-yilning 20-22-iyul kunlari Cho‘lpon ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Q.Abdraxmanov, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri E.Abdildayev, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri S.Muhriddin, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.Kamilov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari B.Myatiyev ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari 2018-yil 15-martda Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Ostona shahridagi ishchi (maslahatlashuv) uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida, Qirg‘iziston tomoni tashabbusiga ko‘ra do‘stona ruhda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollarini, xavfsizlikni ta’minlash, chegara, transport va tranzit aloqalari, suv-energetika manbalaridan foydalanish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining 2019-yil mart oyida mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi maslahatlashuv uchrashuvining muhimligi e’tirof etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi davlat chegarasini xalqaro huquqiy rasmiylashtirish jarayonidagi hamda mintaqadagi hududlararo va chegaraoldi hamkorligining faollashishidagi ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatladilar.
Xalqaro terrorizm va ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, uyushgan transmilliy jinoyatlar hamda mintaqaviy xavfsizlikning tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni, jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning zarurligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratishning zarurligi qayd etildi.
Mintaqa ichidagi investitsion hamkorlikni olg‘a surish Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik muhiti faolligining muhim omili, degan fikr bildirildi.
Mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish mintaqa davlatlarining iqtisodiy hamkorligi mustahkamlanishiga, transport infratuzilmasining rivojlanishiga va transport kommunikatsiyalari orqali tranzit yuk tashishni yo‘lga qo‘yishga imkon yaratishi tasdiqlandi.
Markaziy Osiyoda suv-energetika manbalaridan kompleks foydalanish qo‘llab-quvvatlanib, mintaqaning barcha mamlakatlari qiziqishlaridan va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mazkur sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqishning zarurligiga urg‘u berildi.
Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining madaniyati, tarixi va tillari mustarakligini qayd etdilar hamda ta’lim, madaniyat, san’at, fan, turizm va boshqa sohalardagi davomiy hamkorlik tarafdori ekanligi tasdiqlandi.
2018-yilning 20-22-iyul kunlari Cho‘lpon ota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi Markaziy Osiyoning beshta mamlakati xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va ishonchga asoslangan mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishiga ishonch bildirildi.
Mintaqaviy hamkorlikning holatini muhokama qilish va ularning keyingi rivojlanishi istiqbollarini belgilab olish uchun Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi siyosiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining keyingi uchrashuvini Tojikiston Respublikasida o‘tkazilishiga rozilik bildirdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter