«Yashil makon»dagi qo‘shib yozishga aloqador 29 mansabdor javobgarliklikka tortiladi – Bosh prokuratura
Bosh prokuratura «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli joylarga chiqqan holda o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
O‘rganish davomida loyiha doirasida qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilganlik holati ham aniqlangan.
Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda ko‘chatlar sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilishi hamda mas’ullarning e’tiborsizligi natijasida jami 333,1 ming tup ko‘chatlar nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgani, bajarilgan ishlar hajmiga elektron platforma orqali amalda ekilmagan jami 136,1 ming tup ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida esa obodonlashtirish xizmati tomonidan jamoat joylarida 127,5 ming tup ko‘chat ekilgani qayd etilsada, amalda ko‘chatlarning aksariyati (90 foizi) qayta ekish uchun mo‘ljallangan pitomniklardagi qalamchalar bo‘lib, markaziy ko‘chalarga ekilgan ko‘chatlarning 30 foizi sug‘orilmaganligi va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmaganligi natijasi qurib, o‘suvchanlik qobiliyatini yo‘qotgan.
Shu kabi, Sirdaryo viloyatida jami 1355 tup daraxt ko‘chatlari, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida ekilgan 3,5 ming tup ko‘chatlarning yarmidan ko‘pi qarovsizlik oqibatida nobud bo‘lgan.
Shu bilan birga, joylarda mas’ullar tomonidan amalda ekilmagan ko‘chatlarni hisobotlarda qo‘shib ko‘rsatish bilan birga, ko‘chat ekilishi uchun ajratilgan mablag‘lar talon toroj qilinmoqda. Masalan, Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 2435 tup amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilib, budjetdan ajratilgan mablag‘lar obodonlashtirish tizimi xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan.
Bosh prokuratura, yuqoridagi holatlar sababli, barcha hududlarda joriy yilning bahor oyida mahalliy budjetlar hisobidan umummilliy loyiha uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilyapti.
Hozirda ushbu holatlarga yo‘l qo‘yib, mas’uliyatsizlik qilgan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalasi hal etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter