Prezident «Yangi O‘zbekiston» va «Uchinchi Renessans» iboralariga izoh berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor matbuotga – «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga intervyu berarkan, «Yangi O‘zbekiston» va «Renessans» atamalariga izoh berib o‘tdi.
«Yangi» degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, «Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!» degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.
Yoki o‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz «jadidchilik», ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulug‘ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo‘liga olib chiqishdan iborat edi.
Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o‘rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shu ma’noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma’naviy uyg‘onish jarayonlari milliy o‘zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa «Renessans» – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.
Ma’lumki, bugungi O‘zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg‘onish davriga – Birinchi (ma’rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo‘lgan. Bu – jahon ilm-fanida o‘z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun «Yangi O‘zbekiston» va «Uchinchi Renessans» so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.
Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo‘lsak, ushbu noyob hujjatda o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘ygan edik.
Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’yektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’yektiv zaruratdir.
Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir», deb javob bergan davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter