Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida yosh kinoijodkorlar o‘rtasida «Kino 5 kunda» tanlovi o‘tkaziladi

XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida yosh kinoijodkorlar o‘rtasida «Kino 5 kunda» tanlovi o‘tkaziladi

Bu yil tanlovda MDH mamlakatlari – Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya va Tojikistonning 7 ta oliy o‘quv yurtidan 14 nafar yosh kinoijodkorlar ishtirok etadi.

23 sentyabr kuni soat 11:00da Toshkent shahridagi yangi Ivent Hall binosining birinchi qavatida «Kino besh kun ichida» xalqaro yoshlar tanlovining boshlanishiga bag‘ishlangan maxsus matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumani davomida rasmiy shaxslar, hakamlar hay’ati a’zolari, shuningdek, tanlov ishtirokchilari o‘zlarining tabrik so‘zlari bilan chiqishdi.

Ertasi kuni, 24 sentyabr sanasida ishtirokchilar respublikaning madaniy va tarixiy ahamiyatga ega joylariga borib, u yerda «O‘zbekiston – mening orzuim!» mavzusida o‘z filmlarini suratga olishadi.

• Armaniston – Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi
• Ozarbayjon – Shahrisabzdagi Oq Saroy majmuasi
• Qozog‘iston – Buxorodagi Ark qal’asi
• Qirg‘iziston – Namangandagi Axsikent shahristoni
• Moldova – Buxorodagi Sitorai Mohi xosa saroyi
• Rossiya – Marg‘ilon shoyi to‘qish fabrikasi
• Tojikiston – Toshkentdagi Hazrati Imom ansambli

Nizomga ko‘ra, ikki kishidan iborat har bir jamoaga yetti nafar yosh mahalliy kino mutaxassislaridan iborat suratga olish guruhi biriktiriladi. Ishtirokchilarga film tayyorlash uchun besh kun - suratga olish jarayoni uchun uch kun, montaj uchun bir kun vaqt va dublyaj uchun bir kun ajratiladi.

Tanlov ishtirokchilarining asarlari jahon kinosining haqiqiy ustalari tomonidan munosib baholanadi. Taniqli o‘zbek rejissyorlaridan biri Ali Hamroyev hakamlar hay’ati raisi vazifasini bajaradi. Hakamlar hay’ati tarkibiga, shuningdek quyidagi ijodkorlar kiritilgan:

• Eng nomdor rossiyalik rejissyorlardan biri, Venetsiya va Kann kinofestivallari sovrindori Aleksandr Sokurov;
• Afg‘onistonlik kinorejissyor va prodyuser, «Oltin globus» va Kann kinofestivallari mukofotlari sovrindori Siddiq Barmak;
• Mashhur o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Mahmudov;
• Mashhur turkman rejissyori Xo‘jaquli Narliyev.

30 sentyabr kuni soat 16:15 da Toshkent Kinochilar uyining majlislar zalida «Kino 5 kunda» tanlov loyihalari bo‘yicha ishlarning yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi va open air, 1 oktyabr kuni soat 17:00 da Kinochilar uyi amfiteatrida o‘tkaziladi.

«Kino 5 kunda» tanlovi Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida uchinchi bor o‘tkazilmoqda. 2021 yilda tanlovda 20 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etgan. Jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Germaniya, Hindiston, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Keniya, Qirg‘iziston, Marokash, Meksika, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan tashrif buyurgan ijodkorlar o‘z ishlarini namoyish etishgan. 2022 yilda Ozarbayjon, Belarus, Moldova, Rossiya, Hindiston, Isroil, Janubiy Koreya, Ruminiya, Tojikiston va Turkmaniston vakillari musobaqa sovrinlari uchun kurash olib borishgan. O‘zbekiston jamoalari ikki yil ketma-ket g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan. Bu yil o‘zbek kinoijodkorlari tanlovda qatnshmayapti, ular o‘zaro bellashadi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, «Kino 5 kunda» dasturining asosiy maqsadi, yosh kinoijodkorlarni yangi filmlar yaratishga undash, xorijlik hamkasblarini O‘zbekiston an’analari va madaniyati bilan tanishtirishdan iborat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring