Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijiy pensionerlar uchun O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz tizim taklif etildi

Xorijiy pensionerlar uchun O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz tizim taklif etildi

Foto: Xabar.uz

Davlat rahbari turizm bo‘yicha yig‘ilishda bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga:

- xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;

- turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;

- turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;

- so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatining 50 foizini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;

- xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50 foizini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif kiritishni topshirdi.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan:

- maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish;

- har yili kamida 20 ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim”ni joriy qilish;

- 3-4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22 ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish;

- xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish tashabbuslarini o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, muloqotda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan:

- xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish;

- kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmini qaytarish tizimini joriy qilish;

- Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish;

- bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

O‘z navbatida, Prezident sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari va rejalari tinglandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring