Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijdan texnika olib kelgan bilan mutaxassis tayyorlamasak, samara bo‘lmaydi — «O‘zkimyosanoat» rahbari

Xorijdan texnika olib kelgan bilan mutaxassis tayyorlamasak, samara bo‘lmaydi — «O‘zkimyosanoat» rahbari

Bugun «Navoiyazot» zavodi hududida «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Jo‘rabek Mirzamahmudov va sohada faoliyat olib borayotgan yoshlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi va muhokama qilindi.

«Xorijdan texnikani istagancha sotib olsa bo‘ladi, uskuna olib kelsa bo‘ladi, ammo undan foydalana oladigan mutaxassis bo‘lmasa, hammasi bekor. Samara bo‘lmaydi.

Bizda Xitoy, Yaponiya, Italiya va Shveysariyadan kelgan mutaxassislar faoliyat yuritgan. Ulardan kam joyimiz yo‘q, deb o‘ylayman. Aksincha, bizda mehnatsevarlik qobiliyati kuchliroq.

Biz zamonaviy texnologiyalardan shunday foydalanishimiz kerakki, o‘sha texnikani ishlab chiqqanlar ham qoyil qolsin. Hamma umid siz — yoshlardan.

Albatta kamchilik va qiyinchiliklar bo‘ladi, ammo hozirgidek sharoit avval bo‘lmagan. Men o‘z vaqtida xorijda ta’lim olganman. O‘sha vaqtlarda yurtimizda sanoqli litseylar bo‘lardi.

«Umid» jamg‘armasidan xorijga o‘qishga ketganimda kimyo sohasida bittagina joy bor edi. Endi esa «El yurt umidi» jamg‘armasi asosan texnika yo‘nalishida xorijga talabalarni ko‘p yubormoqda. Faqat buning uchun xorijiy tillarni yaxshi bilish lozim», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Yig‘ilish davomida «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi soha xodimlarining maoshini oshirish borasida savollarga javob qaytardi.

«Ayni vaqtda samaradorlikni oshirish bo‘yicha hamma jihatlar tahlil qilib chiqilmoqda. Bizning birinchi o‘rindagi maqsadimiz — oylik maoshlarni oshirish. Ammo buning uchun olib boriladigan ishlar bor. Har bir inson mehnatiga yarasha haq olishi lozim», — dedi mutasaddi.

Yoshlar tomonidan shuningdek ishlab chiqarishda bozor talablarini inobatga olish taklif etildi. Xususan, eskirgan sexlar o‘rnida maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni joriy etish rejalashtirib olindi.

Shuningdek ishlab chiqarishni takomillashtirish bo‘yicha har bir sexning o‘z laboratoriyasi bo‘lishi taklif etildi. Ya’ni, laboratoriya faqat ishlab chiqarilgan mahsulot tahlili bilan band bo‘lib qolmasdan, balki ishlab chiqarishni optimallashtirish lozimligi ta’kidlandi. Ushbu taklif inobatga olindi.

Yig‘ilish davomida yoshlar tomonidan Orol dengizi o‘rnida cho‘lga chidamli ekinlar ekishda ishtirok etish, sport musobaqalari tashkil etish va boshqa masalalar ko‘tarildi. Xususan, soha xodimlari o‘rtasida ayollar uchun voleybol, badminton, stol tennisi, shaxmat-shashka va erkaklar uchun futbol musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring