Xorij haydovchilik guvohnomasi O‘zbekistonda ham o‘tadimi?
«Xabar.uz»ga xorijda yashovchi yurtdoshimizdan xat keldi. U chet elda olgan haydovchilik guvohnomasi bilan O‘zbekistonda avtotransport vositasini boshqarishning tartib-qoidalari haqida savol yo‘llagan. Maktub mazmuni quyidagicha:
«Men Sirdaryo viloyatida tug‘ilganman. «Green card» lotereyasida omadim kelib, oilam bilan AQShning Filadelfiya shtatida istiqomat qilaman. «Xabar.uz» saytini muntazam kuzatib boraman.
Sizlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchi edim. Men bu yerda taksi haydovchisi bo‘lib ishlayman. Haydovchilik guvohnomamni ham shu yerda olganman. Savolim shundan iborat: AQShda olgan haydovchilik guvohnoma bilan O‘zbekistonda transport vositasini boshqara olamanmi? Yoki ilova sifatida O‘zbekistonda transport boshqarish uchun biror bir hujjat olishim kerakmi?
Ushbu savolimga mas’ul idoralar orqali javob berishingizni so‘rayman. J.Bozorov».
Yurtdoshimizning ushbu savoliga javob olish uchun Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Nigmanovga murojaat qildik.
— Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son Xalqaro haydovchilik guvohnomalari va Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr) talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi, — dedi Baxtiyor Nigmanov. — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun mamlakatimiz hududida faqat O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalari avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi.
Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari hamda xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar vakolatxonalari va xorijiy davlatlarning hukumat tashkilotlari boshliqlari va boshqa xodimlarining (diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlarning), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr) talablariga javob bermaydigan milliy haydovchilik guvohnomalari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali YHXBBga murojaat qilish sharti bilan O‘zbekistonning milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladi. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi uchun haydovchilik guvohnomalari imtihonlar topshirilmasdan almashtiriladi.
Tegishli bitim mavjud bo‘lgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy xodimlariga milliy haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi orqali Tashqi ishlar vazirligining YHXBBga murojaat qilish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish sharti bilan O‘zbekistonning milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirilishi mumkin. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi uchun haydovchilik guvohnomalarini almashtirish imtihonlar topshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
Boshqa xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalarini O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirishdan oldin ular YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasida haydovchilik guvohnomalari tasdiqlangan shaxslarning haydovchilik guvohnomasi, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter