Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik: o‘simliklar himoyachisi, muhandis va mahallabay ishlovchi qo‘lga tushdi

Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik: o‘simliklar himoyachisi, muhandis va mahallabay ishlovchi qo‘lga tushdi

Foto: Xavfsizlik

Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida firibgarlik holatlari aniqlandi.

Xorazm viloyatidagi tumanlardan birining O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalangan holda, qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar va biokomplekslar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJga tegishli 27 tonna «Biostimulyator» o‘simliklar ozuqasini mahalliy fermer xo‘jaliklariga qimmat narxlarda sotish uchun shartnoma tuzishda amaliy yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatida esa «Gulistonshahargaz» gaz ta’minoti bo‘limi kichik, o‘rta biznes va budjet iste’molchilari bilan ishlash bo‘linmasining yetakchi muhandisi hamda mahallabay ishlash xizmati boshlig‘i o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan aniqlangan 164 mln so‘mlik zarar summasini 14 mln so‘mgacha kamaytirib berganliklari evaziga 1000 AQSh dollari talab qilishadi.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda IJQKD hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandis ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan muhandis va bo‘lim boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring