Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazm hokimligiga sud qarori «kopeyka»mi?

Xorazm hokimligiga sud qarori «kopeyka»mi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Urganchlik O‘ktam Rahmonov ne umidlar bilan tadbirkorlikka qo‘l urmagandi deng. Turmush o‘rtog‘i chevar, o‘zi qo‘li gul usta. Biri yoqa, biri yeng bo‘lib, kiyim-kechak va mebel ishlab chiqarish sexlari ochsa, necha odamning qozoni qaynaydi?!

Yeng shimarib ishga tushgan O‘ktamboy Xitoydan 12 ta zamonaviy tikuv mashinasi, mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan texnik jihozlar keltirdi. Kamiga bankdan 60 million so‘m kredit ham oldi.

Bu orada (2018-yil, may) tikuv sexi va mebel do‘koni uchun 500 kv.metr yer maydoni ajratib berishni so‘rab, Urganch tuman hokimiga murojaat qildi. Murojaati qanotlantirilib, tuman hokimi qarori bilan «G‘alaba» qishlog‘ining «Qumrabot» mahallasidan 5 sotix yer maydoni ajratib beriladigan bo‘ldi.

Tuman hokimining mazkur qarorini viloyat hokimi tasdiqlasa — kifoya. Shu bilan rasmiyatchiliklar nihoyasiga yetib, xotirjam ishni kelgan joyidan davom ettiraveradi. Qolaversa, viloyat hokimligining maxsus komissiyasi allaqchon xulosa qilib bo‘lgan, unga ko‘ra, tuman hokimining qarorni tasdiqlash uchun hech qanday monelik yo‘q.

Ishlari bir maromda ketayotganidan xursand tadbirkor do‘kon hamda sex binosi poydevorini tiklashni boshlab yuboradi.

Biroq hademay ayni ko‘pkarida manglayiga urilgan otdek, shashtini pasayturuvchi omillar paydo bo‘lishini u qayoqdan bilsin?!

O‘ktam Rahmonovga yer ajratib berish to‘g‘risidagi Urganch tuman hokimi qarori qabul qilingani davrdayoq urchigan muammo 2018-yilning yoziga kelib battar chigallashdi. Bu vaqtga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yilning 1-iyulidan e’tiboran tadbirkorlarga yer onlayn auksionda sotilishi belgilandi. Bu esa viloyat hokimligi mas’ullari uchun shu davrgacha tuman hokimining O‘ktam Rahmonovga yer maydoni ajratib berish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlamaslik uchun bir bahona bo‘ldi. Hech kim O‘ktam Rahmonovga Prezident qarori qabul qilinishidan bir oy avval Urganch tuman hokimi qarori bilan yer ajratib berilgani, bu esa qonuniy tarzda amalga oshirilgani bilan qiziqmadi.

Umid bilan viloyat hokimining sayyor qabuliga borgan O‘ktam Rahmonovning qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirildi.

Navbatdagi sayyor qabullardan birida esa viloyat hokimi F.Ermanov Urganch tuman hokimi qarori va maxsus komissiya tomonidan tayyorlangan viloyat hokimi qarori loyihasi qonuniyligini o‘rganishni viloyat prokuraturasi mas’ullariga topshirdi. Qonun muhofizlari tadbirkor O‘ktam Rahmonovga Qumrabot mahallasidan berilgan 5 sotix yer tuman hokimining qarori bilan asosli ravishda berilgani va bu yuzadan viloyat hokimi qarori ham qabul qilinishi lozimligini ta’kidlab xat taqdim qildi.

Shundayam amalda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Aksincha, oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, Urganch tuman hokimi hech qanday asoslantirilmagan holda o‘zi chiqargan 2018 yil 18-iyundagi qarorini bekor qilish to‘g‘risida yangi qaror chiqarsami?!

Bir paytlari Xorazmda «Qatib oldim, tufak!» degan bolalar o‘yini bo‘lardi. Bu o‘yin qoidasiga ko‘ra aytilgan topishmoq yoki biror savolga noto‘g‘ri javob bergan bolaga biror bir mashaqqatli vazifani bajarish topshiriladi. Masalan: biror joyga yugurib borib-kelish. Agar o‘yin ishtirokchilari uchgacha sanaguncha «Qatib oldim, tufak!» desa, vazifani bajarish mas’uliyatidan soqit bo‘ladi.

Hokimlik mutasaddilari ko‘cha changitib yurgan bolacha emaski, «Qatib oldim, tufak!» degancha o‘z qarorini yangi bir qaror bilan bekor qilvorsa?!

Shundan so‘ng O‘ktam Rahmonovning sarson-sargardonligi boshlandi: sayyor qabullarda oyog‘i to‘zdi, Oliy Majlis Senati deputatlariga arzi hol qildi, necha bor prokuror, sudyalar bilan ro‘baro‘ keldi.

Yugur-yugur, chop-choplar natijasida Urganch tuman ma’muriy sudi tuman hokimining 2018 yil 18 iyundagi qarori bekor qilish to‘g‘risidagi yangi qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Biroq sud qarori yoshulli janoblarining stoli ustida chang bosganicha qolib ketdi.

Toqati toq bo‘lgan tadbirkor yana sudga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Uning arizasiga asosan Urganch shahar ma’muriy sudi (2019-yil, 7-iyun) Xorazm viloyat hokimligi zimmasiga Urganch tumanining «Qumrabot» mahallasining 87-88-qism konturidan tikuvchilik sexi va mebel do‘koni qurish uchun 500 kv. metr yer maydoni ajratib berish majburiyatini yukladi. Xorazm viloyat ma’muriy sudi esa mazkur qarorning «majburiyat yuklash» qismini o‘zgartirib, tadirbirkorga «doimiy foydalanish huquqi bilan yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlash majburiyatini yuklansin» deya yanada aniqroq qilib qo‘ydi...

Shundayam ish oldinga siljimayotganiga nima deysiz? Xorazm viloyat hokimligi mutasaddilari sud qarorini shunchaki bir parcha qog‘oz deb qabul qilgan shekilli. Yo‘qsa, O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan sud qarori allaqachon so‘zsiz ijro qilingan bo‘lur edi. Hatto, sud qarori Majburiy ijro byurosi Urganch shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lsa-da, viloyat hokimligi mutasaddilari oldida hech kim ip esholmaydigan ko‘rinadi.

— Aslida ishlarimning bunday chigalliklarga ulanib ketishida viloyat hokimi tevaragida yurgan ayrim «uchar»lar bilan munosabatimiz sovuqlashishi sabab bo‘ldi, — deydi O‘ktam Rahmonov. — Yer maydoni berish bo‘yicha tuzilgan viloyat hokimligi qoshidagi komissiya a’zosi bo‘lgan ana shu «uchar»lardan biri mendan 12 kishilik ovqatlanish stoli qancha so‘mligini so‘ragan edi. Men soddaligimga borib, bu jihozning aniq bahosini aytibman. Keyin bilsam, u shu narsani sovg‘a qilishimni kutgan ekan.

Tadbirkorning hasrat bilan ta’kidlashiga ko‘ra, viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi rahbari Qudrat Bekjonov: «Men bu yerda boshliq bo‘lib ishlar ekanman, hech qachon senga yer berilmaydi!» degan ekan...

Ajablanarli jihati shundaki, Urganch tumanining Qumrabot mahallasi «Obod mahalla» dasturiga tushgan hudud sanaladi. O‘ktam Rahmonov poydevorini tiklashni boshlab qo‘ygan hudud emishki, ekin maydoni sanalarkan. Gir atrofi do‘konlar, bolalar bog‘chasi va turar joylarga allaqachon ajratib berilgan hududning faqat O‘ktamboyga tekkan qismi ekin maydoni degan bahonada qurilish ishlarining to‘xtatib qo‘yilgani kishiniing kulgisini keltirmaydimi?!

— Ba’zan hammasini yig‘ishtirib, Rossiyaga ishga ketsammikan degan xayolga boraman, — deya gapidan davom etadi tadbirkor. — Lekin Prezidentimiz ikki ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorni boshga ko‘taraman, deb turganda qo‘limdan keladigan ishni o‘z yurtimda nega qimasligim kerak?

Tadbirkorning gaplari to‘g‘ri, qat’iyati tahsinga loyiq. Biroq undagi ishtiyoq va qat’iyat mahalliy rahbarlar tomonidan so‘ndiraverilsa, xayrli ishga sun’iy to‘siqlar qo‘yilaversa, qachon tong otadi?! Ko‘ryapsiz, hatto sud qarori ham masalaga yechim bo‘layotgani yo‘q. Bunday vaziyatda ishtiyoq va qat’iyatga putur yetib, fuqarolarning nainki mahalliy rahbarlar, hatto adolatga nisbatan ishonchi qolmasligi mumkin.

Xorazm viloyati hokimligi mutasaddilariga shu kerakmi?

Sarvi OZOD, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring