Xo‘ja Ilg‘or: qayta kashf qilingan tarix — yangi sayyohlik yo‘nalishi
9 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida sohibqiron Amir Temurning 682 yilligiga bag‘ishlangan «Xo‘ja Ilg‘or: qayta kashf qilingan tarix — yangi sayyohlik yo‘nalishi» mavzusida katta tadbir va tanatanalar bo‘lib o‘tdi.
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, mustabid tuzum davrida xalqimizdan bekitilib kelingan yurtimiz tarixi, buyuk imperiya asoschisi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur bobomizning yolg‘on va bo‘htonlarga qorishtirib tashlangan shonli tarixi Mustaqilligimiz sharofati bilan xalqimizga qaytarildi. Amir Temur tarixi maktab darsliklariga kiritildi. Buyuk bobomizga munosib haykallar mamlakatimiz poytaxti Toshkent, bobomiz poytaxt tutgan Samarqand va bobomiz alohida e’zozlagan Shahrisabz shaharlarida qad ko‘tardi. Har yili bobomiz tavallud topgan kunlar Respublika miqyosida keng nishonlandi. Ammo bobomiz tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i salgina e’tibordan chetda qolib ketayotgan edi. Bugun ana shu xato to‘g‘rilandi. Bobomizning kindik qoni tomga go‘shada u zotning tavallud kuni katta tantana qilindi. Ulkan sahnada Qashqadaryo viloyatining san’atkorlari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi, ertalabdan xalq baxshilari shu yerning o‘zida to‘qilgan termalarini aytib turishdi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov boshchiligida Toshkentdan tashrif buyurgan san’atkorlar tantanaga o‘zgacha ruh bag‘ishlashdi.
Xalqaro press-klub tashabbusi bilan o‘tkazilgan bu tadbirning ahamiyati, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, mohiyati haqida tadbir qatnashchilari to‘lqinlanib gapirdilar.
— Bunday tanatana Qashqadaryo tarixida bo‘lmagan, bugun qashqadaryoliklar uylarida Qur’on o‘qib, Amir Temur bobomizni yodga olishadi, farzandlar davrasida «Temur tuzuklari» o‘qiladi, — dedi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev. – Bugun Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘iga 30.000 dan ortiq odam to‘plandi. Bir tomonda dor o‘yinlari, bir tomonda kurash, bir tomonda chavandozlar mubobaqalari bir tomonda set eldan kelgan mehmonlarga lutfu-karam. Amir Temur bobomiz davrida tayyorlangan taomlar to‘qqizta doshqozonda tayyorlandi va mehmonlarga tarqatildi. Bu tadbir yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik hislarini jo‘sh urdiradi, yuraklariga shijoat bag‘ishlaydi. Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i e’tibordan chetda qolib kelayotgan edi. Endi bu qishloq obod bo‘ladi. Hazrat Amir Temur bilan bog‘liq o‘nlab qadamjolar bor bu qishloqda. U kishi tavallud topganda suv olingan buloqdan hali ham shifobaxsh suv chiqib turibdi, bu yerda bobomiz yoshliklarida ko‘tarib mashq qilgan 100 kilolik tosh saqlanib qolgan. Yigitlari bilan mashq qilgan g‘orlar bor. Xullas, sayyohlarni jalb qiladigan manbalar talaygina. Endi bu anjumanni har yili o‘tkazishni an’anaga aylantiramiz.
Tadbir davomida Qashqadaryo viloyat drama teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan lavhalar ham juda ta’sirli chiqdi. Qamishzorlar orasidan yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘tarib kelgan Teginabegim, Temurbekning buvisi va xolasi necha asrlardan beri suvi tinmagan buloqdan go‘dakka suv ichirishi sahnasi, go‘dakning beshikka belanishi, yoshgina go‘dak otga talpinishi va otga minib, uni choptirib ketishi tadbir so‘ngida oppoq otda buyuk sarkarda, imperator bo‘lib kirib kelishi, to‘planganlarga gumburlagan ovozda murojaat qilishi sahnalari tomoshabinlarning yuraklarini to‘lqinlantirib yubordi.
Polvon yigitlar Amir Temur mashq qilgan tosh bilan mashq qilishlari, Sohibqiron bobomizning chet ellik elchilarni qabul qilish sahnalari ham tomoshabinlar dilida zavq, g‘urur tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi.
— Men Temur haqida ko‘p o‘qidim, ammo u tug‘ilgan joyga kelganimda, o‘qiganlarim hech narsa bo‘lmay qoldi, — dedi Turkiyadan tashrif buyurgan tarixchi Burak Erjias. – Amir Temur haqida bilishni u tug‘ilgan joydan boshlash kerak ekan.
— Biz Temur g‘orida bo‘ldik, — deydi yana bir turkiyalik tadqiqotchi Bahor O‘zdemir. – Bilasizmi, bixz tarixning ichida bo‘ldik. Niyat qildik, bu joylarga kelib, alohida tadqiqotlar olib boramiz. Bu yerlar sirning, sinoatning koni ekan.
— Men Shahrisabzga sayoh bo‘lib kelgan edim, mehmonxonada menga Xo‘ja ilg‘or qishlog‘ida katta tantana bo‘layotganini aytishdi va biz ayolim bilan bu yerga keldik. Agar bu yerga kelmaganimda bir umr o‘zimni kechirmagan bo‘lardim, — dedi Shveysariyadan tashrif buyurgan sayyoh Ernst Fogel. – Bilasizmi, mamlakatingizda sayyohlar uchun, sayohlarni jalb qilish uchun ko‘p ishlar qilinayapti, ammo mana bu bayram xalq uchun. Bu yerda xalq yayrayapti. Men o‘zbeklarning mehmondo‘stligini bilardim, ammo bu yerda buyuk Amir Temur davrida tayyorlangan turli taomlar bilan mehmon qilishgani ta’rifga sig‘maydi. Men ayrim taomlarni umrimda ko‘rmaganman. Hammasi g‘aroyib! Bugun hamma bir-biriga mehribon, bir-biriga ko‘makchi. Bizga ham hamma xayrixohlik bilan qarashayapti, hamma bizni mehmon qilgisi keladi. Bunday odamlarni dunyoning biror mamlakatida ko‘rmaganman.
Tadbir kechga yaqin Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlari va xalqning ommaviy o‘yin-kulgulari, raqslari bilan nihoyasiga yetdi.
Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri.
Qashqadaryo viloyati Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter