Xitoylik olimlar O‘zbekistondagi vazirlikda ish boshladi
Xitoylik amaliyotchi olimlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida maslahatchi sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida xitoylik olimlar — Chjan Si va Van Syao Linning mamlakatimizga tashrifi tashkil etilgan.
«Xitoy kambag‘allik ustidan to‘liq g‘alaba qozonganini e’lon qilgan birinchi mamlakat sanaladi. Ikki davlat o‘rtasida jadal rivojlanayotgan strategik sheriklik Xitoyning bu boradagi ilg‘or tajribasini o‘rganish uchun keng imkoniyatlar beradi. Kambag‘allikga qarshi kurashda Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish yuzasidan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida kelishuvga erishilgani buning yorqin dalilidir», — deyiladi vazirlik axborotida.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar dastlab hududlarga safar qilib, sohadagi ishlarning bugungi holatini o‘rganadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, kambag‘allikni aniqlashning moliyaviy va nomoliyaviy mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Keyinchalik, ilmiy yondashuv asosida kambag‘allikdan chiqish bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqilib, ular viloyatlar, tumanlar va mahallalar miqyosida amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu dasturlarning samaradorligini monitoring qilish mexanizmini joriy etish nazarda tutilgan. O‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish orqali kasb-hunar ta’limi tizimini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu choralar kadrlar tayyorlash borasida ichki va tashqi mehnat bozorida talabga ega bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter