Xitoy Ukrainaga Rossiya borasida va’da berdi
Xitoy rahbari Si Szinpin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiyaga qurol-aslaha sotmaslikka so‘z berdi. Bu haqda Zelenskiy Italiyada o‘tkazilgan G7 sammiti doirasida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Men Xitoy rahbari (Si Szinpin) bilan telefonda gaplashdim. U Rossiyaga qurol sotmasligini aytdi. Ko‘ramiz. Agar u bir so‘zli bo‘lsa sotmaydi. U menga va’da berdi, axir!» – degan Ukraina yetakchisi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon Pekin Moskvaga qurol yetkazib berayotgani haqida taxminlar yangrab keladi. Masalan, joriy yil 22 may kuni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps Xitoy Rossiyaga Ukrainada istifoda etish uchun qurol yetkazib berayotgani haqida dalillar borligini aytgan edi.
AQSh ham Chin o‘lkasi hukumatini Ukraina urushida Rossiyani dastaklamaslik kerakligi haqida ogohlantirib keladi.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga qaraganda, Pekin Moskvaga harbiy nishonlar uchun razvedka ma’lumotlari, harbiy sanoat uchun mikroelektronika, tank ishlab chiqarish uchun kerakli dastgohlar va raketa yonilg‘isi yetkazib bermoqda.
Xitoy rasmiylari na Rossiya, na Ukrainaga qurol sotmasligi, bu borada mamlakat betaraf maqomda ekanini ta’kidlaydi.
G‘arb davlatlari Xitoydan Rossiyaga Ukraina urushini to‘xtatish borasida bosim o‘tkazishni so‘ramoqda. Bu borada Pekinning siyosati ancha vazmin ekanini kuzatish mumkin.
Avval xabar berganimizdek, Xitoy bugun, 15 iyun kuni Shveysariyada boshlanadigan Ukrainada tinchlik bo‘yicha sammitda ham ishtirok etmayotir.
https://xabar.uz/mcpv
Reuters agentligi Xitoy Ukrainadagi ziddiyat bo‘yicha muqobil anjuman tashkil etmoqchi ekani haqida xabar bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter