Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda bolalar o‘rtasida noma’lum xavfli kasallik tarqaldi

Xitoyda bolalar o‘rtasida noma’lum xavfli kasallik tarqaldi

G‘arbiy va Tayvan ommaviy axborot vositalari Xitoy shimolidagi kasalxonalar bolalar bilan to‘lib ketgani haqida xabar berishdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Xitoydan bolalarda noma’lum pnevmoniya avj olgani haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘radi, deb xabar bermoqda Reuters.

JSST matbuot xizmati Xitoy Xalq Respublikasi Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi 13 sentyabr kuni Xitoyda respirator kasalliklar bilan kasallanish holatlari ko‘paygani haqida xabar berganini eslatdi. Keyin Xitoy rasmiylari buni antikovid cheklovlari olib tashlanishi va ma’lum gripp viruslarining tarqalishi bilan izohladi.

«JSST Xitoyga respirator kasalliklar va bolalarda pnevmoniya epidemiyalari ko‘payishi haqida batafsil ma’lumot berish uchun rasmiy so‘rov yubordi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Kuni kecha The Telegraph nashri Xitoy shimolidagi bolalarda noma’lum pnevmoniya avj olgani haqida ProMed (dunyo bo‘ylab odam va hayvonlar kasalliklari tarqalishini kuzatuvchi) ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, Xitoy kasalxonalari «kasal bolalar bilan to‘lib ketgan» va epidemiya Pekin kabi yirik shaharlarga tarqalib bo‘lgan.

The Telegraph ta’kidlaganidek, aynan ProMedning 2019 yil dekabr oyi oxiridagi ogohlantirishi ko‘plab shifokorlar va olimlarning e’tiborini ilgari noma’lum bo‘lgan, keyinchalik Sars-Cov-2 (COVID-19) deb ataladigan virusga qaratgandi.

Tayvanning FTV News telekanali ham Pekin va Liaoning kasalxonalari kasal bolalar bilan to‘lib ketgani haqida xabar beradi. «Ular yo‘talmaydi va hech qanday alomat yo‘q. Ularda shunchaki yuqori harorat (isitma) bor, ko‘pchilikning o‘pkasida tugunlar paydo bo‘ladi», — dedi nashrga poytaxtliklardan biri. Pekinlik yana bir fuqaroning aytishicha, endi shamollash belgilari bilan maktablarga kelish taqiqlangan va sodir bo‘layotgan barcha hodisalar «davlat siri»dir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring