Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xavfsizlikni ta’minlashning oltin qoidasi

Xavfsizlikni ta’minlashning oltin qoidasi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 4-5-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ko‘magida «Zamonaviy harbiy nizolar va ularning oldini olish yo‘llari»  mavzusidagi xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Jahonning yigirmaga yaqin mamlakatlari, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya Federativ Respublikasi, Polsha, Ukraina, Hindiston, Italiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi harbiy mutaxassislari va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti, Jorj Marshall nomidagi xavfsizlik masalalarini o‘rganish bo‘yicha Yevropa markazi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan onlayn-konferensiyaning ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekistondagi koordinatori Jon MakGregor so‘zga chiqib, xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiyaning dolzarb jihatlariga to‘xtalishdi.

Birinchi kun dasturiga binoan sakkiz nafar mutaxassisning turli mavzulardagi ma’ruzasi tinglandi. Yig‘ilishning birinchi ma’ruzachisi sifatida polkovnik Hamdam Qarshiyev «Hozirgi davrning global tahdidlari» mavzusida mulohazalar yuritdi va mintaqaviy muammolar hamda ularning yechimiga to‘xtalib o‘tdi.

Xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiyaning ikkinchi kunida «Shanxay hamkorlik tashkiloti hududida kiberterrorizmga qarshi kurash», «O‘ta muhim infrtatuzilmalar kiberxavfsizligi va himoyasini ta’minlashdagi tamoyillar», «Zamonaviy harbiy nizolarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning roli», «Mintaqadagi xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekistonning sa’y-harakatlari», «Global va mintaqaviy xavfsizlik borasida Xitoy Xalq Respublikasining roli» kabi mavzularda o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar. Xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiya ma’ruzachilari qo‘llanilgan materiallar va tavsiyalar, Qurolli Kuchlar islohotlari ijobiy tajribalari, zamonaviy harbiy nizolarda harbiy san’at rivojining yangi tendensiyalari, ta’limning innovatsion yondashuvlarini o‘rganishga, umuman, harbiy xizmatchilarning bilimi va dunyoqarashini yanada kengaytirishga muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

Xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiyaning yakunida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev anjuman ishtirokchilariga Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbariyati nomidan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar topshirdi. Shuningdek, u sivilizatsiyalar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, xalqaro terrorizm va ekstremizmning barcha ko‘rinishlari, narkotajovuzkorlik, qurolli nizolar, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, axborot-ruhiy urushlari, global iqtisodiy-moliyaviy inqirozlar, tabiiy va texnogen ofatlar, ekologik muammolar, pandemiya ko‘rinishidagi noan’anaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurash olib borish – xavfsizlikni ta’minlashning oltin qoidasi ekanligini ta’kidladi.

Ikki kunlik xalqaro harbiy-ilmiy onlayn-konferensiya davomida bugungi davrning eng dolzarb mavzularidagi jihatlarga e’tibor qaratildi. Anjuman qatnashchilari dunyoda xavfsizlikni ta’minlash uchun yagona platforma doirasida birlashish muhimligini ta’kidladilar.

Asror RO‘ZIBOYeV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring