«Vatandoshlar» fondi xorijdagi yurtdoshlarga murojaat qildi
«Vatandoshlar» jamoat fondi xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
«Aziz vatandoshlar!
Insoniyat bugun katta xavf-xatar va tahdidlar kuchaygan sharoitda yashash va hayot kechirishga majbur bo‘lmoqda.
Sharqiy Yevropa mintaqasida taranglashayotgan siyosiy vaziyat barchamizdan ogohlik va chuqur tafakkur bilan ish ko‘rishni talab etadi.
Afsuski, bunday voqealar ayanchli oqibatlarga olib kelishi bilan birga, qanchadan-qancha davlatlardagi rivojlanish jarayonlarini bir necha yillarga orqaga surib yuborishi mumkin.
Bugun dunyoning turli nuqtalarida ko‘p sonli vatandoshlarimiz istiqomat qilib kelmoqda.
Biroq, olib borilayotgan muloqotlar va tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim vatandoshlarimiz turli davlatlarning manfaatlariga xizmat qiluvchi ba’zi manbalarga tayanib, ma’lum miqdordagi pul mablag‘lari, katta va’dalar, jumladan, turli shartnomalar tuzish orqali fuqarolik berish va boshqa chaqiruvlarga uchib, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishlari ortidan xatarli vaziyatlarga tushib qolmoqda. Birgina misol, ayrim yurtdoshlarimizning bilib-bilmay va chuqur anglamagan holda Suriyaga borib, turli jangari guruhlarga qo‘shilib qolganliklari, oxir-oqibat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan «Mehr» operatsiyasi ko‘magida ona Vatanga qaytarilgani barchamizga ayon. Shu munosabat bilan, xorijdagi vatandoshlarimizni quyidagi tavsiyalarga amal qilishga chaqiramiz:
- boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik;
- har xil chaqiriqlar va oqimlarning aldovlariga ishonmaslik;
- hech qanday ziddiyatli va qurolli vaziyatlarga aralashmaslik;
- o‘qotar qurollarni qo‘lga olmaslik va ulardan foydalanmaslik (g‘ayriixtiyoriy ravishda qotilga aylanib qolmaslik);
- vaziyatni chigallashtiruvchi hech qanday shiorlarni targ‘ib qilmaslik;
- nizolashayotgan taraflarning bayrog‘i, madhiyalari, ramzlari va shiorlarini ishlatmaslik (O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan salbiy munosabat shakllanib qolishining oldi olinadi).
Yuqoridagi holatlarga aralashish belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishini yana bir bor eslatgan holda, bugun dunyoda kuzatilayotgan vaziyatda neytral pozitsiyani ustuvor qo‘yishni tavsiya etamiz», — deyiladi fond murojaatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter