Surxondaryodagi Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun o‘qishga kirishda imtiyozlar beriladi
Prezident qarori (PQ–4995-son, 17.02.2021-y.) bilan 2021–2023-yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog‘ hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Dasturga ko‘ra, belgilangan yillarda Bobotog‘ hududida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 75 ta loyiha amalga oshirilishi, bu orqali 419 ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-yanvargacha:
- yangi tashkil qilinadigan tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan klaster tashkilotlari yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘ining;
- jismoniy shaxslar yer solig‘i va mol-mulk solig‘ining 50 foizini to‘lashdan ozod qilinadi.
Bobotog‘ hududida tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida summasi 10 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun — asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha kompensatsiya beriladi.
Shuningdek, salohiyatli tadbirkorlarga Bobotog‘ hududida qayta foydalanishga kiritiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari biriktirib beriladi hamda sabzavot-polizchilik, mevali bog‘ va uzumchilik, chorvachilik yo‘nalishidagi klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Hududda tunu-kun xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi hamshiralik guruhi tashkil etiladi.
2021-2022-yillarda Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligining tog‘ va tog‘oldi hududlarida 1400 gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etiladi.
2021/2022 o‘quv yilidan kelgusi uch o‘quv yili davomida Uzun tumani Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun davlat grantlari bo‘yicha kvotalarni oshirish limitlari doirasida Surxondaryo viloyatidagi pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha maxsus kvotalar ajratiladi.
Bunda, maxsus kvota bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan yoshlar oliy ma’lumotga ega bo‘lganidan so‘ng, o‘z hududida kamida 5 yil davomida mehnat qilishi zarur.
2021-yil oxiriga qadar hududda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun namunaviy (ko‘p qavatli 30 xonadonli turar joy binolari) loyihalar asosida xizmat uylari quriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter