Toshkentga yana «Boeing» kelmoqda. Uning afzalliklari nimada?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi hamda «Boeing» korporatsiyasi navbatdagi «Boeing 787-8 Dreamliner» yo‘lovchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi. Ushbu qo‘shimcha samolyotni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning milliy aviatashuvchisi 2020-yilgacha o‘z parkida ushbu turdagi oltita samolyotga ega bo‘ladi.
Joriy yilning may oyi o‘rtalarida yetkazib berilishi kutilayotgan uchinchi «Dreamliner» MAK aviaparkida mavjud bo‘lgan avvalgi ikkita «Boeing 787-8 Dreamliner»dan yo‘lovchi o‘rindiqlarining soni ko‘pligi — umumiy soni 270 (biznes klassda 24 ta, iqtisod klassda 246 ta) va ekipaj dam olishi uchun alohida bo‘linma tashkil etilganligi bilan farqlanadi.
Ushbu samolyotda ham aviakompaniyaning boshqa «Boeing 787-8 Dreamliner» havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi «GE Aviation» kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan.
«Dreamliner» samolyotlarining kelishi bilan MAK aviaparki noyob aviapark darajasiga yetdi. Aviakompaniya aviatransport bozoridagi talab va vaziyatdan kelib chiqib, o‘z havo flotidan unumli foydalanmoqda, shuningdek, yaqin va uzoq yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritib, yangi yo‘nalishlarni ochmoqda va yo‘lovchilarni uzoq masofalarga yuqori darajadagi qulaylik bilan tashimoqda.
Ta’kidlash joizki, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda «Boeing 787-8 Dreamliner» samolyotlariga buyurtma bergan birinchi buyurtmachidir. Aviakompaniya «Dreamliner»larning tijorat ekspluatatsiyasini 2016-yilda boshlagan. 2017-yil 27-iyulda esa O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi tarixda birinchi marta ushbu rusumdagi samolyotda Toshkentdan Nyu-Yorkka ilk uzluksiz parvozini amalga oshirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter