UzAuto Motors ishlab chiqarish hajmini oshirdi: Prezident topshirig‘i o‘z vaqtida bajarilmoqda
![UzAuto Motors ishlab chiqarish hajmini oshirdi: Prezident topshirig‘i o‘z vaqtida bajarilmoqda](https://static.xabaruz.com/crop/2/5/720_460_95_2518458545.png)
UzAuto Motors 2020 yilda 280 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarib, o‘zining tarixiy ishlab chiqarish rekordini yangiladi va shu tariqa barcha modellarning erkin sotilishiga erishdi. Ammo pandemiya va global mikrochiplar tanqisligi o‘z «tuzatishlari»ni kiritib, 2021 yilda ishlab chiqarish hajmi kamaydi. Bu esa kompaniya 2022 yil boshida xaridorlardan 89 300 dan ortiq avtomobil qarz bo‘lib qolishiga olib keldi.
15 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida avtomobil sanoati masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Xususan, davlat rahbari joriy yilning 1 mayiga qadar avtomobil sotib olishda yuzaga kelgan navbatlar bilan bog‘liq muammolarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shubhasiz, kompaniya bozorni kerakli miqdordagi avtomobillar bilan to‘ldirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Zavod har kuni 1 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarib, to‘liq quvvat bilan ishlamoqda.
Mart-aprel oylarida qo‘shimcha 4200 dona avtomobil ishlab chiqarish uchun 656 tonna butlovchi qismlar olib kelindi. Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun butlovchi qismlar havo yo‘llari orqali keltirildi. «Uzbekistan Airways» AJ bilan kelishilgan holda, eng muhim avtokomponentlarni yetkazib berish uchun charter reyslari tashkil etildi.
Ishlab chiqarishning uzoq muddatli pasayishiga mikrochiplarni o‘zida mujassam etgan komponentlarning oldindan yaratilgan zaxirasi yo‘l qo‘ymagan edi. Yuk tashish muammolari hukumat darajasida hal qilindi. Logistika zanjirlarini optimallashtirish Koreya Respublikasidan butlovchi qismlarni yetkazib berish vaqtini 45 kundan 38 kungacha qisqartirish imkonini berdi. Xitoydagi yuklarni temir yo‘ldan avtomobilga o‘tkazish esa tranzitni 55 kundan 20 kunga qisqartirdi.
Ushbu va boshqa misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar avtomobil butlovchi qismlarini maksimal darajada yetkazib berishga imkon berdi, bu esa o‘z navbatida zavodning uzluksiz ishlashini ta’minladi. GM International prezidenti Stiven Kifer va boshqa bir qator mikrochip ishlab chiqaruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar tufayli yarimo‘tkazgichlarni qo‘shimcha yetkazib berish (yetkazib berilgan mikrochiplar hajmi 14 mingdan 20 mingga oshirildi) inqiroz davrida prognoz qilinganidan ko‘proq avtomobil ishlab chiqarish imkonini berdi.
Hamkorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida, shuningdek import qilinadigan Lacetti avtomobili uchun butlovchi qismlar yetkazib berish hajmini 6 000 donadan 8 000 donagacha, Damas avtomobili uchun esa 6 000 donadan 8 000 donagacha oshirildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beruvchi 30 dan ortiq yetishmayotgan butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilar bilan kelishuvga erishildi.
Ishlab chiqarish uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni optimallashtirish natijasida UzAuto Motors’ning ishlab chiqarish quvvatlari ham sezilarli darajada oshirildi. Xususan, Lacetti avtomobillarini payvandlash liniyalaridagi jarayonlarni optimallashtirish hisobiga kunlik ishlab chiqarish hajmi 28 foizga oshdi.
Cobalt avtomobillarini ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni takomillashtirish va robotlashtirish orqali ushbu modelning kunlik ishlab chiqarish quvvati 22,5 foizga oshirildi. Bundan tashqari, quritish pechini kengaytirish va kuzovning pastki himoya qatlamini qayta ishlash jarayonini yaxshilash orqali bo‘yoqlash sexining takomillashtirilishi natijasida, ishlab chiqarish 15 foizga oshirildi. Natijada Asaka zavodida Lacetti/Cobalt/Spark avtomobillarini ishlab chiqarish oyiga 19 200, Xorazm zavodida esa Damas/Labo avtomobillarini ishlab chiqarish 9 000 donaga yetkazildi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors tomonidan avtomobil egalariga yetkazib berish muddatini qisqartirish uchun joriy yilning may oyidan boshlab xaridorlarga ham yetkazib beriladigan yangi komplektatsiyadagi Cobalt avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Pandemiyaga qadar bo‘lgan ishlab chiqarish ko‘rsatkichiga erishish natijasida bugungi kunga kelib, yil boshida shartnoma tuzilgan avtomobillar umumiy sonining 92 foizini (82 300 donadan ortiq avtomobil) ko‘rsatilgan muddatdan bir necha oy oldin topshirish imkonini berdi. Ishlab chiqarilgan 2 700 dan ortiq avtomobil iste’molchilarga yetkazib berish jarayonida, qolgan 4 300 donasi esa ishlab chiqarish jarayonida. Ushbu samaradorlik topshiriqni 30 aprelga qadar bajarilishini ta’minlaydi. Umuman olganda, 2022 yil boshidan hozirgi kunga qadar 104 000 dan ortiq avtomobil (shu jumladan premium segment) egalariga topshirildi. Bu avtomobil zavodining umumiy ishlab chiqarish hajmining 1/3 qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Joriy yilning mart oyidan dastlabki to‘lov miqdorining 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirilgan holda kontraktatsiyaning qayta tiklanishi, shuningdek, avtomobillar narxining barqarorligi ularni foydali sarmoya vositasiga aylantirdi va talabning keskin oshishiga olib keldi. Qayta sotish maqsadida avtomobil sotib olayotgan shaxslarning yuqori faolligi kompaniyani shartnoma shartlariga bunday mijozlarga avtomobillarni yetkazib berishni qo‘shimcha 4 oyga kechiktirish huquqini kiritishga majbur qildi, bu esa ularning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi.
Avtomobillarga bo‘lgan talabning g‘ayritabiiy o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shish, asosan, mahalliy avtomobillar narxining dollar ekvivalentida sezilarli darajada pasayishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, joriy yilning fevral oyidan boshlab import qilinadigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari 2 barobardan ziyodroqqa pasaytirildi. Avtomobil bozorini liberallashtirish, shuningdek, ichki bozorda raqobatchilar keng doirasining mavjudligi Chevrolet avtomobillarining ommaviyligini kamaytirmadi: agar 2021 yilning mart-aprel oylarida avtomobil sotib olish bo‘yicha 33,4 mingga yaqin shartnoma tuzilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 82 mingtani tashkil etdi (o‘sish sur’ati 2,4 barobar).
Global va geosiyosiy inqirozlar sharoitida kompaniya tomonidan ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar mijozlar oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida yopish va «zaxira» tashkil etish imkonini berdi — hozirda dilerlik markazlarida 2000 ga yaqin avtomobillar, shu jumladan, 1000 dan ortiq Nexia avtomobillari mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter