Uyg‘oning, yoshullilar!
Kasbimiz taqozosi bilan vatanimizning boshqa viloyat va shaharlarida safarda bo‘lamiz. Yurtimizda yangilanish va o‘zgarishlar jadal sur’atlarda davom etmoqda. Ayniqsa, fuqarolar bilan ishlash, xalq bilan muloqot qilishda rahbarlar Prezidentdan andoza olayotgani tahsinga loyiq. Ommaviy axborot vositalarida esa tub burilishlarni kuzatish mumkin. Haq so‘z matbuot minbarlaridan taralmoqda. Bularning bari xalqqa xizmat qilmoqda.
Ming afsuski, Xorazmda bunday yangilanishlar nafasini tuyish amrimahol. Ayrim idora va tashkilotlar matbuot, OAV bilan ishlashdan qochadi, hamon mudrab yotibdi.
O‘rinsiz xavotirlar
«Xorazm yoshlari» gazetasi salkam 20 yildan beri chop etiladi. Shu kunga qadar tahririyatimiz ijodiy jamoasi bir qancha davlat granti loyihalarini hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etdi. Bular orasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, reproduktiv salomatlikni targ‘ib qilish, onalik va bolalik muhofazasi kabi qator mavzularga oid loyihalar bor. Ularni amalga oshirishda tegishli idora va muassasa mas’ullari, mutaxassislari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Lekin ayrim mutasaddilar bunday loyihalar nafaqat tahririyat, balki butun jamiyat uchun ham manfaatli ekanini chuqur his qilmayapti. Jumladan, YuNISEFning «O‘zbekistonda onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha xizmatlarni takomillashtirishni ommaviy axborot vositalarida yoritish» mavzusidagi loyihamiz yuzasidan viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Abdukarimova va barcha tuman, shahar xotin-qizlar qo‘mitalariga yozma ravishda murojaat qildik. Buni qarangki, murojaatimizga javob berilmadi. Yangibozor va Qo‘shko‘pir tuman xotin-qizlar qo‘mitalari raislaridan bo‘lak birortasidan to‘rt enlik javob xati ololmadik. Viloyat hokimi o‘rinbosari S.Abdukarimova bilan telefon orqali bog‘lanib, shu masalada gaplashganimizda YuNISEF xorijiy tashkilot ekani, xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatidagi axborotlar chet elga tarqalib ketish xavfi mavjudligi bois bizga ma’lumot berolmasligini ta’kidladi.
Xullas, S.Abdukarimova va tuman xotin-qizlar qo‘mitalaridan hamkorlikka rizolik ololmagach, O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaga xat bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Qisqa muddat ichida qo‘mita raisi o‘rinbosari G.Marufova imzosi bilan javob xati keldi. Unda quyidagilar qayd etilgan edi: «O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi «Xorazm yoshlari» tahririyatining yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi va minnatdorlik bildiradi.
Sizning 2017-yil 21-sentyabrdagi 57-sonli Xorazm viloyati va tuman-shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislarining «Xorazm yoshlari» gazetasi tahririyati murojaatiga o‘z vaqtida javob bermaganligini bayon qilib yozgan xatingiz qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqildi. Mazkur murojaat nazoratga olinib, mas’ul xodimlar sizning murojaatingizga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalariga bepisandlik qilganligi yuzasidan ogohlantirildi...».
Shundan keyin ham munosabat o‘zgarmadi. 2018-yilning 4-martida biz barcha tuman xotin-qizlar qo‘mitalariga erta turmush qurishning oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot so‘rab xat yo‘lladik. Mavzuning nechog‘lik dolzarbligini his qilisholmadi shekilli, birorta qo‘mitadan bugungacha javob ololmadik.
Qonun himoyachilariga qonun daxlsizmi?!
Xotin-qizlar qo‘mitalari-ku, mayli, qonun ustuvorligini unutishgandir (garchi bunga mutlaqo haqsiz bo‘lishsa ham). Biroq viloyatdagi huquqni muhofaza qilish idoralari-chi, ular ham qonunda belgilangan muddatda murojaatlarga javob berishga bee’tibor qarayotgan bo‘lsa, dodingni kimga aytasan?!
Tahririyatimiz tomonidan 2016-yil dekabr oyida viloyat prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasiga yoshlar jinoyatchiligi tahliliga taalluqli ma’lumotlar so‘rab xat taqdim qilgan edik. Ushbu murojaatimiz har ikkala idora tomonidan ham javobsiz qoldirildi.
Vaholanki, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida «…Ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan murojaatlardan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoatchilik fikrini o‘rganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin» deb belgilangan.
Qolaversa, OAVda e’lon qilingan ma’lumot huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan jinoiy yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atishga asos bo‘lishi ham mumkin. Lekin bugungacha viloyatdagi biror-bir huquqni muhofaza qilish idorasi davriy nashrlarda e’lon qilingan xabar va maqola faktlari asosida jinoiy yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atgani haqidagi ma’lumotga ega emasmiz.
Mana masalan gazetamizning 2018-yil 31-yanvardagi 2-sonida «Kim aybdor? Yoxud osmondan tushgan qarzdorlik» hamda «Qog‘oz bilan isinib bo‘lmaydi» sarlavhali tanqidiy maqolalar chop qilingan edi. Ushbu maqolalarda keltirilgan dalillar yuzasidan tekshirish o‘tkazishni so‘rab, 1 fevralda viloyat prokuraturasiga xat taqdim qildik. Oradan uch oy o‘tgan bo‘lsa ham murojaatlarga munosabat bildirilmadi. Shu yil 30 yanvarda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi va adliya boshqarmasi rahbarlariga «Sizdan Xorazm viloyatini jinoyatchilikdan xoli hudud qilish bo‘yicha qilinayotgan profilaktik chora-tadbirlar borasida maqolalar berib borilishini ta’minlashingizni so‘raymiz» mazmunida xat yubordik. Adliya boshqarmasi mutasaddilari qisqa muddatda yozma tarzda javob qaytardi. Bu ishimizga yanada rag‘bat uyg‘otdi. Lekin bu safar ham na prokuratura, na ichki ishlar boshqarmasidan sado chiqdi.
Iqtidorli, faol talabasi «yo‘q» oliy o‘quv yurtlari
Viloyatimizda Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda minglab yigit-qiz tahsil oladi. Ushbu nufuzli o‘quv dargohlari bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tahririyatimiz ijodiy jamoasi uchun ham muhim. Ilgari tahririyat ostonasidan talabalar qadami uzilmas edi. Kimdir taklif, kimdir kashfiyotlari haqida maqola ko‘tarib kelardi. Gazetada e’lon qilingan maqolasi tufayli katta-katta rahbarlar yoki homiylar e’tiboriga tushgan yoshlar qanchadan-qancha.
Ana shularni inobatga olgan holda 2017-yilning 9-oktyabrida UrDU, TTA va TATU Urganch filiallari rahbarlariga hamkorlik qilish, gazetamiz sahifalarida olimlar hamda iqtidorli talabalarning maqolalarini berib borish taklifi bilan chiqqandik. Xatda materiallar qayerga jo‘natilishi lozimligi batafsil qayd etilgan edi. Ammo huquqiy madaniyat va savodxonlik shakllanishining bosh o‘chog‘i sanalgan mazkur oliy o‘quv yurtlari rahbariyati xatga javob bermagach, turli gumonlar orasida qoldik: yo bu oliy o‘quv yurtlarida iqtidorli, faol talabalar mutlaqo yo‘q, yo bu muassasalar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun doirasidan tashqarida.
OAV nazdida barcha davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Prezident aytganiday xalqqa yaqin muhitda faoliyat ko‘rsatayapti. Aslida esa mutlaqo teskarisi. «To‘rtinchi hokimiyat» murojaatiga o‘z vaqtida javob bermagan davlat idorasini qanday qilib risoladagidek ishlayapti deyish mumkin?! «Siypalab-siypalab» qilinayotgan tanqid qanday natija beradi?
«Tanqid — kelajak mevasi» deyishadi. Bizning maqsadimiz viloyatimizda ro‘y berayotgan katta-kichik voqealarni jamoatchilikka xolis yetkazishdan iborat. Qilinayotgan qancha-qancha ijobiy ishlar o‘z soyasidan ham hadiksiraydigan ayrim «rahbarlar»ning ma’lumot berishga cho‘chishi natijasida ko‘milib ketmasligi kerak. Xorazmning yuzini ko‘rsatish sizga bog‘liqligini unutmang, hurmatli yoshullilar!
Erpo‘lat Baxt
Maqola «Jamiyat» gazetasining 2018-yil 18-may sonida e’lon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter