Uy oldi-sotdisida fuqarolarning kommunal xizmatlardan qarzi yo‘qligi haqida ma’lumot olish to‘xtatiladi
Uy-joy oldi-sotdisida kommunal xizmatlardan qarz yo‘qligi haqida fuqarolarning ma’lumot olishi bosqichma-bosqich to‘xtatiladi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
«Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga qo‘shimchalar kiritish haqida Hukumat qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, ko‘chmas mulklarni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlashda davlat notarial idorasi idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali:
— 2019-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning barcha hududida (Toshkent shahri bundan mustasno) elektr va gaz ta’minoti;
— 2021-yil 1-yanvardan boshlab issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarni mustaqil oladi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 1-iyuldan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi notariuslar ko‘chmas mulklarni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlashda notariuslar quyidagi ma’lumotlarni fuqarolardan emas, balki mustaqil ravishda elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda tekshirishi lozim:
— bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi;
— soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini;
— doimiy propiskaga ega shaxslar yoki vaqtinchalik hisobda turuvchi (vaqtincha propiska qilingan) shaxslarning pasportiga oid ma’lumotlarni.
Toshkent shahrida esa 2017-yil 1-iyuldan boshlab, ko‘chmas mulklarni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlashda talab etiladigan hujjatlarni (pasport va kadastr yig‘ma jildidan tashqari) notariuslar mustaqil ravishda elektron hamkorlik orqali tekshirishi shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter