Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uning qarori fuqarolik jurnalistikasini go‘rga tiqadi». Vazir jurnalistlar bilan to‘qnashdi... (2-qism)

«Uning qarori fuqarolik jurnalistikasini go‘rga tiqadi». Vazir jurnalistlar bilan to‘qnashdi... (2-qism)

Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev jurnalistlar qurshovida.

Foto: «bnews.kz»

Qozog‘istonda ommaviy axborot vositalari xodimlarini g‘azablantirgan va ularning keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan voqea ro‘y berayotgani haqida xabar bergandik. Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayevning birgina buyruqqa o‘zgartirish qilish istagi Qozog‘iston jurnalistlari va aholisi, ijtimoiy qatlamlarida katta aks-sado berdi.


Mavzuga oid: Vazir jurnalistlar bilan to‘qnashdi... (1-qism)


Jurnalistdan bo‘lmasa, taksi haydovchisidan olasiz

Qozog‘istonlik siyosatshunos Eduard Poletayev bu bo‘yicha shunday deydi: «Afsuski, bugungi amaldorlar ish xonasini o‘zining shaxsiy makoni, deb qabul qiladi. Jurnalistlarning ular xonasiga qo‘qqisdan kirib kelishi yoqmaydi. Ammo jurnalistlar buni bekorchilikdan qilmaydi, balki ularni oyog‘i boqadi.

Hukumat va media-hamjamiyat o‘zgarishlar va jarayonlarni turlicha qabul qiladi. Amaldorlar o‘ziga hisobdor sohalar faoliyatini doimo reglamentlashtirishga intiladi. Ularning o‘zi ham ana shunday buyruqlar tizimida yashaydi va ishlaydi. Ammo jurnalistlar bu holat ularning huquqlarini kamsitayotgani nuqtai nazaridan norozi bo‘lmoqda. Jurnalistik faoliyatini tartibga solish masalasi butun dunyoda ham turlicha qabul qilinadi va bunda juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

1999-yilda OAV to‘g‘risida qonun qabul qilingan edi. Yaxshimi-yomonmi ishlab turibdi. Maxsus qonun osti hujjatlarini qabul qilishga hozir alohida ehtiyoj ham yo‘q. Tarbiya ko‘rgan jurnalistlar qanday kiyinishni, qayerga va qay vaqtda borishni juda yaxshi bilishadi.

Hamonki, amaldorlarimiz axborot ochiqligi bilan maqtana olmas ekan, jurnalistlar ularni turli yig‘ilishlar doirasida, ish xonasi atrofida kutishga majbur-da. Akkreditatsiya jurnalistlar uchun ortiqcha kuch va g‘ayrat sarflashiga olib keladi, zimmasiga qo‘shimcha majburiyat yuklanadi.

O‘zi mamlakatimizda haqiqiy jurnalistlar kam. Ularga to‘siq qo‘yish emas, balki hamkorlik qilish kerak. Aks holda,kelgusida odamlarimiz ma’lumotlarni bilimdon taksi haydovchilaridan bilib olishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zi «akkreditatsiya» so‘zining ma’nosi «ishonch» demakdir. Akkreditatsiya byurokratik to‘siq emas, balki shinam va qulay sharoitni yaratish jarayoniga aylanishi kerak. Hokimiyat matbuot bilan murosaga borishi zarur. Yo‘qsa, axborot asrida juda eskirgan bir mashmashaga guvoh bo‘lib qolayapmiz.

Hozir jurnalistlarga yopishavermasdan, amaldorlarning media makonda samarali ishlashi uchun mezonlarni ishlab chiqishimiz kerak. Aynan shu yo‘nalishdagi tashabbuslar halaqit qilmas edi».

Bu ochiqdan ochiq senzura va jurnalistlar professional faoliyatiga to‘siqdir!

Parlament senati deputati, Qozog‘iston jurnalistlar kongressi ijroiya qo‘mitasi rahbari Dariga Nazarbayeva vazirlik tashabbusi haqida baho berar ekan, yangi tartib bilan tanish emasligini, ammo uni tezda ko‘rib chiqishga va’da bergan edi.

Obro‘li xonim hozir jurnalistlar «og‘zini yopish»ning imkonsizligini, axborotni cheklashga bo‘lgan har qanday urinish befoydaligini aytib o‘tdi.

Dariga Nazarbayeva. Foto: «otyrar.kz»

«Jurnalistlar o‘z kasbi uchun kurashishga qodir bo‘lishi kerak. Hozir hokimiyat bilan o‘zaro hamkorlik uchun barcha imkoniyatlar bor. Qonun loyihasi muhokama qilinayotgan vaqtda o‘z fikringizni bildirishingiz, deputatlar va hukumat bilan ishlashingiz kerak», deydi Dariga Nazarbayeva.

«Bu ochiqdan ochiq senzura va jurnalistlar professional faoliyatiga to‘siqdir! O‘tinaman, hujjatga bunday bandlarni qo‘shmang», deydi taniqli jurnalist Albert Axmetov.

«KazTAG» axborot agentligi Qozog‘iston Bosh prokurori Kayrat Kojamjarovga Axborot va kommunikatsiyalar vazirligining ushbu tashabbuslari qonunchilikka qanchalik mos-mos emasligi bo‘yicha tushuntirish so‘rab, rasmiy talabnoma jo‘natdi.

Tahririyat tuzatish loyihasining har bir bandi bo‘yicha tushuntirish so‘ramoqda va nazorat organi bu fakt bo‘yicha qanday va qancha vaqtda javob choralarini ko‘rishi haqida ham savollar qo‘ygan.

Bosh prokuratura esa jurnalistlar akkreditatsiyasi tartibining og‘irlashtilishi bo‘yicha tartibning qonuniyligini faqatgina u qonuniy kuchga kirsagina tekshira olishini sovuqqina ma’lum qildi. 

Vazir janoblari kim tomonda o‘zi?

Vazirlikning tuturiqsiz rejasini Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi raisi Seytkazi Matayev ham tanqidiy baholadi: «Aminmanki, davlat organlari akkreditatsiyasining yangi tartiblari ommaviy tadbirlarga jurnalistlar ishtirokini cheklaydi. Bu mantiqsiz talab. Masalan, tadbir o‘tadigan joyda ichki tartibga rioya qilish haqida jurnalistning yozma roziligi olishi Qozog‘istonda hech qachon bo‘lmagan edi.

Asosan, akkreditatsiya bilan davlat organlari shug‘ullanmoqda. Ortiqcha ko‘z va quloq bo‘lmasligi uchun ular yangi tartiblar, yangi bahonalar ishlab chiqishmoqda. Mustaqil matbuot xodimlarini qandaydir tadbir va uchrashuvlarga kiritmaslik uchun har qanday yo‘lni izlashmoqda.

Moderator belgilovchi reglament va ichki tartibga amal qilish bo‘yicha yozma rozilik degani nimani anglatadi? Moderator nimani hal qiladi? Avvallari standart tartib bo‘lardi. Bosh muharrir akkreditatsiya uchun jurnalistlar ro‘yxatini hukumatga yoki parlamentga taqdim etar, hech qanday yozma rozilik talab qilinmas edi. Agar rozilik so‘ralayotgan bo‘lsa, demak Bosh muharrirga ham ishonch yo‘qmi?

Foto: «Sputnik Kazaxstan»

Jurnalist va ommaviy axborot vositasi o‘rtasidagi shartnoma borligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish bo‘yicha band esa bizni g‘azabga keltirmoqda. Bu fuqarolik jurnalistikasini go‘rga tiqadi.

Shu yo‘l bilan bloggerlardan to‘liq qutilishmoqchi, shekilli. Chunki ular hech kim bilan shartnoma imzolamasdan ishlashadi. Ular endi kim bilan shartnoma qilishsin. Mark Sukerberg bilanmi?

Nodavlat jurnalistlari esa bu tadbirlarga bormay ham qo‘yaveradi. Shu tariqa davlat organlari faoliyatini yoritish o‘lda-jo‘lda qolib ketadi, axborot makoni sun’iy ravishda qisqaradi. 

Hali vaqt bor ekan jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim segment bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda tanqidni kuchaytirishimizga to‘g‘ri keladi.

Biz «Odil so‘z» xalqaro so‘z erkinligini himoya qiluvchi jamg‘arma va faol hamkasblarimiz bilan loyihani har tomonlama muhokama qilayapmiz. Xullas, endi tinch o‘tirmaymiz».

Ayrim ijtimoiy  tarmoqlar allaqachon Abayevning iste’fosini talab qilmoqda. Vazir bu lavozimda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularni siqishtirish va bosim o‘tkazish bilan shug‘ullanganini aytishmoqda.

Taniqli jurnalist Sarikjan Mauletboy «eGov»dagi ochiq normativ-huquqiy hujjatlar saytida shunday yozadi: «Vazir janoblari kim tomonda ekanini unutib qo‘shgan ko‘rinadi? Alohida vazirliklar emas, balki so‘z erkinligi va jurnalistikani himoya qilishingiz zarurligini Sizga aytishmagan ko‘rinadi. Bu Qozog‘iston qonunchiligiga zid va jurnalistlarni tanlab-saralashga, ayirmachilikka olib keladi.

Akkreditatsiya olish uchun shaxsiy guvohnoma kopiyasi, tahririyat bilan mehnat shartnomasi, akkreditatsiya qiluvchi tashkilot ichki tartibiga amal qilish to‘g‘risida yozma rozilik, bosh muharrir arizasi talab etiladi. Ammo bular qonunlarga ziddir. Men bu buyruqni chiqarishdan qanday foyda bor ekanligini ko‘rmayapman».

Yil bo‘yi bo‘yinbog‘ taqsin!

Taniqli ijodkorlardan biri Tamara Simaxina yangi tartibni tanqid qilar ekan bunday deydi: «Qonunda kim akkreditatsiyadan o‘tkazish huquqiga ega ekanligi haqida ko‘rga xassadek qilib yozib qo‘yilgan. Jurnalistlar axborotni o‘zi uchun emas, balki butun qozog‘istonliklarni xabardor qilish uchun yig‘adi. Demak, xalqning axborot olish huquqi cheklanayapti.

Ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasini uchinchi shaxslarga berilishi ham qonunga ziddir. Bu shartnomada ish haqi va boshqa majburiyatlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ko‘plab tahririyatlarda maosh tijorat siri hisoblanadi. Buni akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilot bilishi umuman shart emas.

Shtatdan tashqari ishlovchilar ham garchi mehnat shartnomasiga ega bo‘lmasa-da, jurnalist hisoblanadi. Ular qalam haqi evaziga vaqti-vaqti bilan yozib turishadi. Bu yerda bloggerlarga nisbatan katta kamsitishlar bor. Ular hech qanday mehnat shartnomasiga ega emaslar. Shu sababli akkreditatsiyadan o‘tkazilmadi. Ammo blogger sho‘rliklar OAV to‘g‘risidagi qonunni buzsa, barcha jurnalistlar qatori javobgarlikka tortiladi. Majburiyat va mas’uliyati boshqalar kabi teng-ku, biroq huquqlari kam bo‘lsa...

Bu ish bizda yana qachon bo‘layapti, internet resurslariga foydalanuvchilar tomonidan talab har qachongidan oshayotgan bir davrda bo‘layapti.

Akkreditatsiya berish rad etilsa, jurnalist yoki uning tahririyati tashkilotni sudga berishi mumkin. Birinchi bosqich 4 oydan olti oygacha davom etishi mumkin, undan keyin apellyasiya bor.

Ichki tartibga kelsak, hamma ishni tashlab jurnalist kun bo‘yi borgan tashkilotining ichki tartib-qoidalari bilan tanishib o‘tiradimi. Agar u o‘zlariga qanday ma’qul kelsa, shunday yozib olingan bo‘lsa-chi. Ichki tartib aslida bu yerda ishlovchilar uchun kerak, jurnalistlar uchun emas.

Masalan, akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist futbolka va shimda akademikdan intervyu olish uchun bordi, deylik. Fanlar akademiyasiga kirish joyida uni ichkariga qo‘yishmadi. Intervyu uxladi, to‘g‘rimi? Endi tartibni buzib qo‘ymaylik, deb jurnalistning yil o‘n ikki oy davomida kostyum va bo‘yinbog‘da yurishni tasavvur qilavering.

Ichki tartiblarda tashkilot hududida telefon yoki fotoapparatdan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan bo‘lsa-chi. Jurnalist avtomatik tarzda ishchi vositasidan ayrilib qoladi. Bularning barchasi Fuqarolik va siyosiy huquqlari haqidagi xalqaro paktning so‘z erkinligiga doir 19-moddasini buzishdir», deydi jurnalist.

Bularning barchasi nimani ko‘rsatadi?

2016-yil mayda Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev yangi vazirlikni tashkil etganida, bu ijro organiga jurnalistlarning faoliyatini nazorat qilishni va ularga to‘siq qo‘yishni topshirmagan edi. Balki axborot makonini monitoring qilish, eng muhim masalalar bo‘yicha jamoatchilikning fikrini o‘rganish, OAVni rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb etish, axborot xavfsizligini ta’minlash uchun mahsulotlar sifatini oshirish, davlat tashkilotlarining axborot faolligi va faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.

Hukumat a’zosiga nisbatan qanday chora ko‘riladi, buni shiddat bilan rivojlanayotgan voqealar rivoji yaqin orada ko‘rsatadi.

A.Hasanov


P.S. Ushbu maqola tayyorlangan bir paytda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ijro hokimiyati ishidan qoniqmay, 21-fevral kuni mamlakat hukumatini iste’foga chiqardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring