Ular endi qamoqda: bu o‘g‘rilar to‘dasi pastdarg‘omliklarning halovatini ham o‘g‘irlagandi
Bir necha yillar burun Samarqandning Pastarg‘om tumanida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan seriyali o‘g‘riliklar haqida eshitgan chiqarsiz?! O‘g‘rilarning dastidan qancha odam aziyat chekmadi, deysiz.
Keling, ular sodir etgan jinoyatlarni birma-bir, sud majlisida o‘z isbotini topgan misollar yordamida bayon qilishga o‘tsak...
Kuz oylarining birida, tungi soat 02:30 larda uyushgan guruh g‘imirlab qoldi. Zarnigor, Xosiyat, Sabriddin, Ali, Tojiddin va Jumaqul (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Pastdarg‘om tumanidagi tadbirkor Komilaning uyi atrofida to‘planishdi. Sabriddining «Neksiya»sida u va Xosiyat ko‘chaning boshida poyloqchilik qilishga tushdi. Tojiddin va Jumaqul tadbirkor ayolning uyiga devor orqali oshib o‘tishadi.
O‘g‘rilar yotoqxonadagi temir seyfga qo‘shib, uning ichidagi jami salkam o‘ttiz million so‘mlik pul va boshqa moddiy qiymatliklarni osongina o‘marib ketishdi. Qo‘lga kiritilgan o‘ljani jinoiy guruh a’zolari vazifalariga qarab o‘zaro taqsimlab olishadi.
Bu orada boshlangan surushtiruv va qidir-qidirlar ha deganda natija bermaydi. Pastarg‘om tumani bo‘ylab tarqalgan shov-shuv, o‘g‘rilarning kimlar ekanligi aniqlanmayotganligi haqida turli gap-so‘zlar jinoiy guruh ishtahasini ochib yuboradi.
Shu tariqa navbatdagi «ov»ga chiqildi.
Bu safar qoq yarim tunda pastdarg‘omlik Tursunqulning uyiga «kutilmagan mehmon» bo‘lib borishdi. Odatga ko‘ra hovliga devor orqali oshib kirishdi. Xonadondan uch million so‘m pul va bahosi 2 000 000 so‘mlik uch dona tilla taqinchoqlar bilan qaytib chiqishdi.
Bu jinoyat ham ochilmay qolayotganidan mamnun bo‘lgan shovvozlar yana bir pastdarg‘omlikning sho‘rini quritishadi. Alimjonning uyidan 24 million so‘m pul hamda umumiy bahosi 25,4 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni «supurib chiqishadi».
Keyingi manzil Juma shahrida istiqomat qiluvchi Naimaning xonadoni bo‘ldi. Yarim tunda xonadonga tushgan «shovvozlar» bu gal ham quruq qo‘l bilan qaytishmadi: jami bahosi 11 100 000 so‘mlik pul va taqinchoqlar osonlik bilan qo‘lga kiritildi.
Shundan keyin jinoiy guruh «jim bo‘lib ketgandek» tuyuldi. Aslida esa ular navbatdagi qurbonni izlash bilan mashg‘ul edi. Tayinli bir «mijoz» topilmagach, o‘tgan galgi manzil — Naimaning xonadoniga yana bostirib kirishadi. Pichoq bilan qurollangan holda hovliga devordan oshib o‘tgan o‘g‘rilar Naima yotgan xona kirib, uni uyg‘otishadi. Pichoq o‘qtalib, badaniga yengil tan jarohati yetkazishadi. Maqsad temir sandiq (seyf)ning kalitini olish edi. Shu orada Naimaning qo‘shni xonada yotgan turmush o‘rtog‘i G‘olibjon shovqin-surondan uyg‘onib ketadi. Qarasaki, uyida «chaqirilmagan mehmonlar» bor. U tezda tashqariga otilib, qo‘shnilarni yordamga chaqiradi. Ish chappasiga ketayotganini bilgan o‘g‘rilar xonada turgan bahosi 100 ming so‘mlik «Samsung» rusumli va bahosi 460 ming so‘mlik «Nokia» rusumli uyali telefon apparatlarini olib, juftakni rostlashadi.
So‘ngi o‘g‘rilik yana Pastdarg‘om tumani hududida sodir etiladi. Uyushgan guruh Ikromning uyi oldiga kelib to‘xtaydi. Uy egalari yo‘qligidan foydalanib, uyning yerto‘lasidagi devorga o‘rnatilgan temir seyf eshigini buzishadi. Undagi 15 ming AQSh dollarini, uydagi javon ichidan 120 ming so‘mni, bahosi 70 ming so‘mlik «Nokia» rusumli uyali telefon apparatini, bahosi 250 ming so‘mlik qora rangli ayollar kurtkasini, bahosi 80 ming so‘mlik DVD-pleyer va boshqaruv pultini, jami 26 774 050 so‘mlik mol-mulkini o‘marib ketishadi.
Bunday «faoliyat» uzoq cho‘zilmasligi ayon edi. Ajoyib kunlarning birida jinoyatchilarning barcha qilmishlari fosh etildi.
Sud majlisida sudlanuvchi, jabirlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini tingar ekansiz xayolingizdan turli o‘y-fikrlar kechadi. Qonun doirasida berilgan jazo alohida masala. Gap jinoyatchilarning yaqinlariga nisbatan jamoatchilikning munosabatida. «O‘g‘rining akasi», «o‘g‘rining bolasi», «o‘g‘rining otasi», degan ta’naning ma’naviy zalvorini tasavvur qilyapsizmi? Shuyam jamoatchilik nazoratining bir ko‘rinishi emasmi?!
Habibulla Chiniyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tumani sudining raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter