Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uchburchak xatlardagi hayot

Uchburchak xatlardagi hayot

Xabarovskda topilgan o‘zbekistonlik harbiyning xati.

Markaziy davlat arxivida Ikkinchi jahon urushi jangohlarida yozilgan jangchilar maktublari ham saqlanadi. Uchburchak maktublar — hayot, sog‘inch, umid, orzu, ilinj. Bir tomoniga manzil, bir tomoniga ko‘ngil kechinmalari yozilgan. Kimlar uchundir bu maktublar so‘ngi diydorlashuv, ehtimol yagona umid bo‘lgandir.

Bu maktublarni hamyurtlarimiz, jangchilar qanday holatda, vaziyatda yozishgan ekan. Balki okop ichida, bir muddatlik o‘qlar ovozi tinganda yozgandir, balki ilk g‘alaba quvonchini baham ko‘rish maqsadida jang maydonining o‘zida yozgandir, balki o‘ng qo‘lidan ajralgan jangchi keyingi xatlarini chap qo‘lida yozib jo‘natgandir. Biz ularning qayerda qanday holatda yozilganini tasavvur qilishgada qiynalamiz. Chunki urush o‘z nomi bilan urush.

Bu maktublar askarning o‘qlar yonidan vizillab uchib o‘tib turgan, hozirgina gaplashib turgan xizmatdoshi qonga belangan, chang, to‘zon qorishgan, qon hidi anqib turgan jang maydonidan darak bergan. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay jangchilar, askarlar yaqinlari bilan xabarlashish, diydorlashish uchun maktub bitishga imkon topishgan. Balki so‘ngi daldani mana shu maktublardan topgandir, izlagandir.

Hamyurtimiz jangchi Mamat Avazovning maktubidagi ushbu izhorlardan g‘alabaga ishonch va da’vat balqib turibdi. «... Qadrli onajon va singlim Fotima! Men g‘alaba uchun o‘z hissamni qo‘shayotgan ekanman, bundan baxtliman, ishonamanki, sizlar ham g‘alaba uchun kurashayapsizlar. Agar biz birgalikda harakat qilsak, diydor kunlarini yaqinlashtiramiz. Bizning uchrashuvimizga oz fursat qoldi. Sentyabr, 1944 yil».

O‘sha paytlari hamma birdek tezroq urush tugashini astoydil istagan, niyat qilgan. G‘alabaga bo‘lgan ishonch jangchilarni ham, front ortidagilarni ham bir zum bo‘lsa-da tark etmagan. Maktublarni o‘qir ekanmiz, o‘g‘lonlarimizning lafzi butunligini his qilasiz. Mana urush avj olgan 1943 yilning avgustida yozilgan No‘g‘mon G‘ulomovning maktubidan parcha: «Qadrli otajonim, onajonim, sevikli rafiqam. Sizlarga alangali salom. Otajon, men tez-tez xayrlashgan kunimizni eslab turaman. Yodingizdami otajon, menga o‘zbek askarlarining maktublari chop etilgan gazetani qo‘limga tutqazarkansiz: «Bolajonim senga topshirig‘im, o‘z ishingni vijdonan bajar» degandingiz. O‘shanda men oxirgi tomchi qonim qolguncha Vatanim, xalqim uchun kurashishga va’da bergandim. O‘z so‘zimning ustimdan chiqdim... Qadrli otajon, aziz onajon, sevimli rafiqam! Menga ishoninglar jonimni qurbon qilib bo‘lsada, Vatan uchun jang qilaman. Dushman ustidan g‘alaba qozonib qaytgunimcha sizlar bilan xayrlashaman».

«Xayrli kun onajon. Uzoq vaqt xat yozolmaganim uchun kechiring, suratingizni yonimda asrab yuribman. Biz qurshovda qolgan edik. Boshimdan yaralanganimda xotiramni qo‘ygan ekanman. Hozir gospitaldaman, ikki oy bo‘ldi. O‘zimga kelib qoldim, lekin baribir meni uyga yuborishmoqchi. Menimcha g‘alaba kunlari yaqin. Do‘stlarim dushmanning dodini bermoqda, ularni quvib chiqarishmoqda. O‘zbekistonda ko‘rishguncha onajon, Zinaga va boshqa do‘stlarimga salom ayting. O‘g‘lingiz Gennadiy Shiyanin. 1945 yil 8 yanvar».

O‘zbek askarlarining bunday maktublari front ortidagi ularning oila-a’zolariga, mehnatkashlar kuchiga kuch, shijoatiga shijoat qo‘shganini ushbu satrlar tasdiqlaydi:

«4 may, 1943 yil. Qadrli hamyurtlar, jondan aziz yaqinlarimiz! Bu maktubni sizlarga o‘zbek askarlari yo‘llamoqda. Biz o‘z burchimizni o‘tagan holda so‘zimizning ustidan chiqmoqdamiz. Afsonaviy qahramonlarimiz Rustam, Ravshanbek, Avazxon, Alpomish bizga doimo kuch bag‘ishlab turibdi. Qahramonlar Qo‘chqor Turdiyev, Kamol Po‘latov, Ro‘zmat Usmonov, Sirojiddin Valiyev, Zebo G‘aniyevalarning dovyurakligi bizga o‘rnak bo‘lmoqda. Siz xalqingiz o‘g‘lonlari bilan faxrlansangiz arziydi». Maktublarni o‘qishda davom etarkanman, jangohlarda qanchadan-qancha o‘g‘lonlarimiz Vatan diydorini sog‘inib mahtal bo‘lganini his qilaman.

Bunday maktublar front gazeta va jurnallarida ham peshma pesh chop etib borilgan. Qo‘sh chiziqli daftar varag‘iga yozilgan Ishim Boqiyevning maktubida shunday deyiladi: «...Do‘stona xalqlar farzandlari bilan yelkama-yelka hamdardmiz. Shu haqda yuborgan maqolamni bosib chiqarganingiz uchun raxmat. Rasmga tushib bittasini sizlarga yubordim. Agar gazetada bosib chiqarsangiz menga katta yordam qilgan bo‘lasiz. Ikki ukam frontda, ularni ko‘rmaganimga ikki yil bo‘ldi. Ular gazetani o‘qib, rasmimni ko‘rib xursand bo‘lishardi. Uyda ota-onam, bolalarim ham ko‘rib quvonishardi... 1943 yil Sevsk shahrida hujumga o‘tib, 400 kilometrdan ortiq yo‘l bosdik. Ukrainani ozod qildik. Polshaning Narev daryosidan jang boshladik. Sharqiy Prussiyada fashistlarning yo‘lini to‘sib, dengiz tomon quvyapmiz. Men Surxondaryo oblast Sherobod rayonining Oqqo‘rg‘on qishlog‘idan «Ozod Batrak» kolxozidan kelganman...»

Jasur artelleriyachi Mahmudjon Turobov g‘alaba quvonchini dastlab onasi bilan bo‘lishadi: «Onajon ishonchingizni oqladim, G‘alaba bayrog‘ini ko‘tarib Yevropa davlatlaridan marsh bilan o‘tayotirman».

Yil boshida Xabarovskda o‘zbekistonlik harbiyning xatlari topilgani haqidagi xabar ko‘pchilikni bee’tibor qoldirmadi. O‘zbekistonlik jangchi 1943 yilda bedarak yo‘qolgan. Xatlar Rakitniy qishlog‘ida topilgan. O‘zbekistonlik harbiy Igor Astashin onasiga xat yozgan. Balki askarning bu so‘nggi xatlari bo‘lgandir... Arxivlarni o‘rganish jarayonida Astashin 1943 yilda 20 yoshda bo‘lganligi aniqlandi. Xatlar Uzoq sharq ilmiy kutubxonasiga qayta tiklash uchun yuborilgan.  Egalariga yetib kelmagan bunday xatlar yana qayerlardadir sarg‘ayib yotgandir. 

Uchburchak, sarg‘aygan maktublar, ularni qo‘lga olganingizda urush hidini tuyasiz. Ammo jangohlardan darak olib kelgan bu maktublar oddiy bitik emas, tarixiy juda noyob hujjatlar. Jangchilarning o‘y-xayollari, qalbidan kechgan tuyg‘ulari, sog‘inchlari ularda muhrlangan. Kichkinagina uchburchak bir varaqli muktubda hayot izlari bor. Bugungi kunga shukronalikni, ajdodlar xotirasi manguligini har daqiqada eslatib turuvchi qalb hayqirig‘i, dil nidosi bor...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring