Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim davlat aktivlari sotish bo‘yicha imtiyozlar beriladi

Ayrim davlat aktivlari sotish bo‘yicha imtiyozlar beriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2024 yilgi xususiylashtirish dasturi va uning ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Shu yil 16 yanvar kuni iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasiga yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yilgan edi. Shunga asosan, davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va ko‘chmas mulk ob’yektlari samaradorlik jihatidan tahlil qilinib, yangi dastur ishlab chiqildi.

Xususan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan 250 ga yaqin ulushlar ro‘yxati, davlat ishtirokidagi korxonalarning qariyb mingta ko‘chmas mulk ob’yekti ro‘yxati, mahalliy fond bozorida aksiyalarning ommaviy taklifi o‘tkaziladigan 12 ta korxona ro‘yxati shakllantirildi.

Ilgari savdoga qo‘yilgan ayrim inshootlar sotilishida ham muammolar bor. Buni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida qator yengilliklar belgilanmoqda.

Masalan, davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosi 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi. 2024 yil 1 yanvargacha auksion orqali ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga davlat mulkini baholangan qiymatda sotib olish taklif etiladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) boshlang‘ich qiymati 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda 10 foizigacha pasaytiriladi. To‘lovlarning 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan ko‘chmas mulklarning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun to‘lovlarni Xususiylashtirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yangi dastur doirasida, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun hamda xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida savdo va servis ob’yektlarini joylashtirish uchun savdolarga chiqariladigan yer uchastkalarining ro‘yxatlari shakllantirildi hamda ularni savdoga chiqarish soddalashtirildi.

Bu borada ham yangi tartiblar belgilash taklif etilmoqda. Jumladan, master-reja asosida xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan yer uchastkalari zamonaviy servis va savdo-maishiy ob’yektlarni qurish uchun auksionga chiqariladi. Sotilgan yer uchastkalari xaridorga cheklovlarsiz rasmiylashtirib beriladi.

Yig‘ilishda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, buni jadallashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Agrar sohaga xizmat ko‘rsatuvchi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari bu jarayonlarni jadallashtirish, xususiylashgan bino-inshootlar negizida tadbirkorlikni rivojlantirib, ko‘proq ish o‘rinlari ochish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

O‘z sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, samarasiz foydalanilayotgan va bo‘sh turgan aktivlarni sotish mahalliy hokimlik va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifalaridan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring