TVda nima gap? Xabar.uz muallifi yozgan ssenariy asosida teleserial suratga olindi
Yetim bola asrab olgan o‘qituvchi qismati. Nega uning joniga qasd qilishdi? Axir bu inson rohat-farog‘atda yashashi kerak edi-ku? Nahotki yaxshilarga rostdan ham kun bo‘lmasa?..
Kutilmagan voqealarga boy, turfa taqdir egalaridan hikoya qiluvchi ushbu «Ali va Aliya» teleseriali tomoshabinni aslo zeriktirmaydi. U 13 sentyabrdan e’tiboran MY5 telekanali orqali namoyish etilmoqda. YouTube orqali ham ko‘rsatilmoqda
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli ijodkor, xabar.uz mualliflaridan biri Anvar Namozov ssenariysi asosida suratga olingan mazkur serial turli ziddiyatlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Unda ziyolilar ham, talaba yoshlar ham, biznes sohiblari-yu oddiy kasb egalari ham namoyon bo‘ladi.
Rollarni mashhur aktyorlar va aktrisalar Nozim To‘laxo‘jayev, Zuhra Ashurova, Ra’no Zokirova, Shuhrat Umarov va boshqalar ijro etishgan. Jumladan, Nozim To‘laxo‘jayev maktab o‘qituvchisi rolini talqin qilgan.
Darvoqe, muallifning o‘zi serialda prokuror rolini ijro etgan. Ushbu qahramon o‘g‘liga past baho qo‘ygan o‘qituvchini mahkamaga chaqirib dag‘dag‘a qiladi. Biroq bir gap tufayli popugi pasayib qoladi.
«Ali va Aliya» 100 qismdan iborat. Unda kattalar bilan birga yoshlar hayoti ham alohida hikoya qilinadi. Jamiyatdagi illatlar — ochko‘zlik, hasad, adovat, ichkilikbozlik qoralanib, kitobxonlik, oq ko‘ngillik, samimiylik, ota-onaga hurmatda bo‘lish kabi fazilatlar ulug‘lanadi. Rejissyor Ravshan Nurmuhammedov.
Ssenariy muallifi Anvar Namozovning «Men — ko‘rinmas odam», «Jumboq», «Onasi o‘pmagan yigit», «Notanish», «Uchrashuv» va boshqa kitoblari nashr qilingan. Saytimizda esa «Qo‘rquv, umid, iltijo», «Jurnalist nega qamalgan edi?», «Tohir Malik ko‘rmay ketgan film», «Voajab! Kitob o‘qtmaganga 55 ball» va boshqa maqolalari e’lon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter